среда, 30 октября 2013 г.

NOODATIY RAQAMLAR


   Shu paytga qadar «Interfutbol», «Chempion» va «Erudit-Sport» gazetalarida 100 dan ortiq maqolalarim chop etildi. Odatda maqolalarni o’zim yillar mobaynida yiqqan ma’lumotlarim asosida tayyorlayman. Endi o’sha maqolalarni o’z blogimga ham joylashtirmoqchiman.  O’qib o’zingiz baho berasiz degan umiddaman.

   1928 yilning 13 oktabr kuni futbol tarixida futbolchilarga raqam tushirilgan kun sifatida muhrlanib qolgan. Birinchi marta bu hodisa qaysi o’yinda ro’y berganini bilasizmi? Bu Londonning «Arsenal» va «Chelsi» jamoalari o’yinida ro’y bergan va o’shanda o’yin protokolida «1»dan «11»gacha bo’lgan raqamlarni ko’rishingiz mumkin edi. Raqam qo’yish bu sanadan o’n yil oldin urfga kirgandi, ammo futbolkalarga raqam qo’yilgan rasmiy sana sifatida 1928 yilning 13 oktyabrida e’tirof etilgan.

   Bu narsa o’ylab chiqilganligining sababi, bir futbolchini boshqa futbolchidan ajratib olishdir. Chunki o’sha paytda aksariyat muxlislar yaxshi yoki yomon o’ynayotgan futbolchilarni tezda ajratib ololmasdilar. Ilk marotaba futbolchilar asosan «1»dan «11» gacha bo’lgan raqamlar ostida maydonga tushardilar.
   Futbol maydonida odatda «1»dan «99»gacha bo’lgan raqamlardan foydalanishadi. Ammo ba’zi ba’zida noodatiy raqamlar ham uchrab turadi. Yaqin o’tmishda Shotlandiyaning «Aberdin» klubi a’zosi Xishem Zeruali hammani ajablantirgan holda maydonga «0» raqamida tushgan. Muxlislar hatto uni erkalab Zero deb laqab qo’yib olishgan.
   Maydonda «1» raqam odatda darvozabonlarniki hisoblanadi. Shu sababli ham «1» raqamda boshqa amplua vakillarini uchratish ancha noodatiy. Lekin ushbu raqamda maydonga tushgan futbolchilarni jahon futbolida uchratish mumkin. Masalan, o’z vaqtida «Charlton» a’zosi Styuart Balmer, «Slima Uonderers» klubidan Jo Brinket, «Partizan» futbolchisi Simon Kukchevich va AEKda faoliyat yuritgan Pantelis Kafeslar darvozabonlarning raqamlarida maydonga tushishgan. Shuningdek Chiapassko shahrining «Yaguar» jamoasida to’p surgan Adolfa Bautista Meksika Futbol Federatsiyasining ruhsatiga ko’ra «1» raqamda to’p surgan. So’ngra u Gvadalaxaraning «Deportivo» klubida «100» raqam ostida ishtirok etgan.
   1996/1997 yilgi mavsumda Meksikaning «Monterrey» klubi o’zining yetakchi futbolchilaridan biri bo’lmish Xesus Arelyanoga «400» raqamni berishdi. Buning sababi o’sha yili futbolchining ona shahri o’zining 400 yillik yubileyini nishonlayotgan edi. Bunaqa raqam ostida yana Braziliyaning «Goyas» jamoasi darvozaboni Xarli jamoasining 400-yubiley o’yinida maydonga tushgandi. Avstriyalik futbolchi Andreas Xertsog terma jamoadagi o’zining 100-o’yinida aynan «100» raqami ostida ishtirok etib, muxlislarni xayratga solgandi.
   1958 yilgi Jahon chempionatida chempionlikni qo’lga kiritgan Braziliya terma jamoasining darvozaboni Jilmar «3» raqami ostida o’z darvozasini qo’riqlagan. Gollandiya terma jamoasi golkiperi Yangblad esa «8» raqami ostida mundialda ishtirok etgan.
   2011-yilgi Osiyo Kubogida hamyurtlarimizni yarim finalga chiqishiga katta xizmat qilgan Ulug’bek Baqoev hujumchilar uchun ancha nooadit bo’lgan «2» raqamida 2 ta o’yinda maydonga tushib 2 ta gol urgandi.
   Yaponiyada ko’plab futbolchilar «4» raqamli libos ostida o’ynashdan bosh tortishadi. Fonetika nuqtai-nazardan «Kunchiqar mamlakat»da «to’rt» raqami «o’lim» so’zi bilan ma’nodosh. Shu tufayli yapon futbolchilari bu raqamni xosiyatsiz sanab, undan yiroqroq yurishadi.
   Chililik Ivan Samarano «Real»dan Milanning «Inter» klubiga o’tgach o’zining sevimli «to’qqiz» raqamida to’p surardi. Lekin keyinchalik jamoaga Ronaldo kelgach, Samaranoning raqamini braziliyalik futbolchiga berishdi. Shunda «Ivan Grozniy» «18» o’ziga oldi, raqamlar orasiga esa «+» belgisini qo’ydi.  
   Ivandan «Inter»ga o’tib «9» raqamni tortib olgan Ronaldo , «Milan»ga o’tgach ana shu raqamni jamoaning fantastik hujumchisi Filippo Inzagidan tortib ololmadi. Shu sababli u ikkiya to’qqizni birlashtirishga qaror qildi va «99» raqamni tanladi. «Milan»dagi faoliyati mobaynida esa 9 ta gol urishga erishdi. Keyinchalik «Milan» tarkibiga qo’shilgan yana bir braziliyalik mashhur futbolchi Ronaldino ham odatiy raqami band bo’lganligi bois o’zining tug’ilgan yilini eslatuvchi «80» raqamini olishga qaror qildi. Ushbu futbolchilardan keyin «Milan»ning yana ikki a’zosi ham noodatiy raqamlarni olishgan. Robino «70» raqamini tanlagan bo’lsa, Antonio Kassano Ronaldodan qolgan «99» ni tanladi.
   Argentina Futbol Federatsiyasi 1974 yildan 1986 yilgacha bo’lgan davrdagi jahon chempionatlarida janjallarning oldini olish maqsadida futbolchilarga raqamlarni alfavitga qarab taqsimlashni odat tusiga aylantirib olgandi. Shu sababli, darvozabon Ubaldo Filol o’z darvozasini dastlab «5», keyin esa «7» raqami ostidagi liboslarda qo’riqlardi, yarim himoyachi Osvaldo Ardiles JCH-1982da «1» raqam ostida maydonga tushib, hatto raqib darvozasini ishg’ol etishga musharraf bo’lgan.
   «Rubin» futbolchisi Gekdeniz Karadenizning futbolkasidagi «61» raqam Turkiyadagi Trabzon  hududining avtomobil kodini anglatadi. «Spartak»dan «Chelsi»ga o’tgan Yuriy Jirkovning egnidagi «18» raqami esa, uni 18 mln. Funt sterlingga sotib olinganini bildirib turgan emish.
   Maksim Shatskixning sobiq jamoadoshi Vladislav Vashuk «Spartak»dan «Dinamo»ga o’tgach, «27» raqamli libosni tanlagan. Bunga uning o’g’li shu kuni tug’ilganligi sabab bo’lgandi.

Furqat Yusupov
Manba: furqatyusupov.blogspot.com


Комментариев нет:

Отправить комментарий