воскресенье, 20 октября 2013 г.

BO’SH VAQTGA MAZMUN...



   Millionlar o’yini ishqibozlari jahon futbolining yulduzlari haqida juda ko’plab ma’lumotlarni bilishadi. Horij matbuoti futbolchilar haqidagi ikir-chikir ma’lumotlargacha yetkazib berishlari hech kimga sir emas. Ya’ni Ronaldo yoki Messi kabi yulduzlarning hayoti muntazam ravishda omma e’tiborida bo’ladi. Afsuski o’zimizning futbolchilar haqida muxlislar deyarli hech narsa bilishmaydi. Mana bizda ham futbol mavsumiga start berildi. Shu sababli biz ham gazetamizning har bir sonida o’zimizning futbolchilarning hayotini yoritib borishga harakat qilamiz. Dastlab yurtimizda va horijda faoliyat ko’rsatayotgan futbolchilarimizning bo’sh vaqtlarini qanday o’tkazishlari haqida to’xtalib o’tishga qaror qildik. Yodda tutingki bu futbolchilarning shaxsiy hayotlariga burun suqish emas, aksincha futbolchilar ham tirik jonligi haqida. Ya’ni ular ham bo’sh vaqtlarini mazmunli o’tkazishni xohlashlari tabiiy albatta.

   XXI asr internet asri. Internet olamiga sayr qilishni kim ham yoqtirmaydi deysiz? Ayniqsa futbolchilar ham vaqt topishlari bilan internet olamiga kirib sayr qilib turishadi. Mirzakamol Kamolov, Vohid Shodiev, Zafar Polvonov, Sardor Mirzaev, Botir Qoraev kabi futbolchilarni aynan mana shunday toifaga kiritsak bo’ladi. Bugungi kunda eng ommaviy o’yin hisoblanadigan Play Station ixlosmandlari juda ham ko’p. Virtual olamda sevimli jamoasini tanlab, yomon ko’radigan klubini mag’lubiyatga uchratib rohatlanishning zavqi o’zgacha albatta. Ozarbayjonda darvozabonlarni dodlatib yurgan Bahodir Nasimov, MDH kubogi yoshlar o’rtasidagi mundialda muxlis va mutaxassislar nazariga tushgan Jamshid Iskandarov, bir paytlar Slovak va chex klublarida to’p surishga ulgurgan Aziz Ibragimov, hamda taniqli mahalliy futbolchilarimiz Islom To’xtaxo’jaev, Iqbol Akramov, Lochin Soliev, Pavel Smolyachenkolar virtual futbol o’ynashni o’zlarining jonu dillari deb biladilar. 
   «Qashqirlar makoni», «Titanik», «Sheryurak» kabi filmlarni deyarli hammamiz sevib tomosha qilganmiz. Kino ko’rishni o’z hobbilari sifatida biluvchi futbolchilarimiz soni ham kam emas. Leonid Koshelev, Shavkat Raimqulov, Fozil Musaev, Abdumajid Toirov, Ilyos Qurbonov, Vitaliy Denisov, Doston Abdurahmonovlar kino desa o’zlarini tomdan tashlovchilar safiga kirishadi. Vitya shuningdek bo’sh vaqtlarida do’stlari bilan bilyard o’ynab ham hordiq chiqarib turadi. Haqiqiy bilyardshunos sifatida terma jamoamiz murabbiyi va futbolimiz faxri Mirjalol Qosimovni keltirib o’tishimiz mumkin. Agar O’zbek Maradonasi bilyard bahslarida haqiqiy raqiblarni izlayotgan bo’lsa, biz unga Samandar Shodmonov, Muzaffar Umrzoqov, Xamza Karimov va Sherzod Karimov singari futbolchilarni tavsiya qilgan bo’lardik. Har holda ular ham bilyard o’yining haqiqiy ixlosmandlari sanalishadi.
   Jurnalistlar yozadigan har bir maqolani diqqat bilan o’qib, futbol nashrlarining deyarli hech birini qoldirmay o’qib boruvchi futbolchilarimiz ham bor ekan. Vohid Shodiev, Muydin Mamazulunov, Abbos Shodmonov, Ilhom Shomurodov, Asqar Muhitdinov va Rustam Qodirovlarni kyoskalarda gazeta harid qilishayotganlarini ko’rib qolsangiz ajablanmang, ular shunchaki o’z hobbilari bilan shug’ullanishayotgan bo’lishadi. 
   Kuchli jins vakillarining eng sevimli mahg’uloti qaysi deb so’rasak shubhasiz ko’pchilik albatta mashina boshqarish deb javob berishi tayin. Bu borada ayniqsa terma jamoamiz yetakchilari ajralib turishadi. Temur Kopadze, Ignatiy Nesterov, Marat Bikmaevlar o’z mashinalariga o’tirib, shahar bo’ylab sayr qilishni hush ko’rishadi. Shuningdek G’ayrat Jo’raev va Ilhom Yunusovlar ham mashina bo’ylab sayr qilib bo’sh vaqtlariga mazmun kiritishadi.
   Asror Aliqulov, Sahob Jo’raev, Isroil Ergashev va Akmal Xolmatov bo’sh vaqt topishsa ploski ekran televizorlarini yoqib oynai jahonga termulishadi. Ha, ular ko’proq futbol tomosha qilishsa kerak. Bugungi kunda kitob o’quvchi yoshlar soni kamayib ketayotgani hech kimga sir emas. Ammo bu yurtimizdagi futbolchilarga tegishli emas. Meksika maydonlarida javlon urib, rossiyalik mutaxxasislarning diqqat e’tiboriga tushgan Temur Hakimov va «Paxtakor»ning o’tgan mavsumda to’purari bo’lgan Temurxo’ja Abduxoliqovlar futbolchilar kitob o’qishmaydi degan fikrlarni rad etishadi. Ha ular sarguzasht va dedektiv asarlarni mutolaa qilib hordiq chiqarishadi. Samuel Eto’O va Yuriy Jirkovlar bilan birga to’p surgan Odil Ahmedovni bo’sh vaqti bo’lsa teatrda uchratib qolishingiz hech gap emas. Mabodo unga murabbiylik faoliyati bilan barchaga tanish bo’lgan Islom Ahmedov hamrohlik qilayotgan bo’lsa bilingki, ular futboldan tashqari faqat teatr haqida suhbatlashishadi. Axir ikkalasi ham teatrning haqiqiy ixlosmandlarida. Maksim Shatskix desak hozir ko’pchilikning ko’z oldida baliq ovi gavdalanadi desam aslo mubolag’a bo’lmaydi. Ammo bizda baliq ovi sihqibozlari yetarlicha topiladi. Moboda Maksim baliq ovlashga hamroh qidirib qolsa, biz unga Ayupxon Gapparov, Ilhom Suyunov va Azizbek Haydarovlarni tavsiya qilishimiz mumkin, ular ham baliqlarni ovlashda Maksda qolishmaydilar.
   O’tgan yil yakunlariga ko’ra yurtimizdagi eng kuchli futbolchi sifatida tan olingan Sanjar Tursunovni bo’sh vaqtida basseyndan toppish mumkin. Vladimir Kozak ham Sanjar singari mazza qilib cho’milishni futboldan keyingi ikkinchi o’ringa qo’yadi. U shuningdek dadasi bilan baliq oviga ham chiqib turadi. Jahongir Jiyamurodov tabiat qo’ynida dam olishni yoqtiradi. Ayniqsa tog’ qo’ynida qo’lbola kabob pishirish jonu dili. Yurtimizdagi eng tezkor futbolchilarimizdan biri Ivan Nagaev bo’sh vaqti bo’lsa bo’ldi aka-uka Klichkolar jangini tomosha qiladi. Shuningdek Yuriy Soy sayr qilishni, Fozil Musaev esa musiqa tinglashni hush ko’rishadi. Ayrim futbolchilar borki, ular bo’sh vaqtlari bo’lsa, darrov oila davralari safiga oshiqadilar. Bunday futbolchilar bizda ham oz emas. G’ayrat Hasanov, Nosir Otaqo’ziev, Farhod Tojiev, Suhrob Ne’matov, Islom Inomov, Asqar Jadigerov, Elyor Jahonov, Islom Inomov, Ilya Ilin, Rinat Bayramov, Erkin Boydullaevlar ana shunday futbolchilar toifasiga kirishadi. Ular shuningdek vaqtlarini do’stlari davrasida o’tkazishni ham yoqtiradilar.
   Mana, aziz o’quvchilar ayrim o’yinchilarimizning dam olish fursatlariga qanday mazmun olib kelishlari bilan tanishib oldik. Aslida biz uchun eng muhimi futbolchilarning maydondagi harakatlari. Bo’sh vaqtlarini qanday va qayerda o’tkazish esa ularning ihtiyorlariga havola. Nima dedingiz?

Furqat Yusupov.
furqat_1112@mail.ru

Комментариев нет:

Отправить комментарий