среда, 30 октября 2013 г.

HAKAMLAR HAYOTIDAN-2


   O‘tgan asrning 70-yillari oxirida Meksikaning ikki  jamoasi o‘rtasidagi uchrashuvda hakam Gonsales tomonidan o‘yinchilarga 26 ta  qizil kartochka ko‘rsatilgan. Dastlab qo‘pollik uchun bir qancha o‘yinchi maydondan chetlatiladi. Ikkinchi bo‘limda esa tomonlar o‘rtasida mushtlashuv yuz beradi va hakam ularga ham qizil kartochka ko‘rsatib, keyin jamoalar murabbiylari maydonga chiqib kelgani uchun ularni ham qizil kartochka bilan «siylagan»
   Italiya «A» seriyasi «Bolonya» – «Atalanta» jamoalari uchrashuvini boshqargan hakam Entso Barbaresko qiyin vaziyatdan chiqib keta oldi. O’yin ayni qizigan paytda u hushtakni chalaman deb sindirib qo’ydi. Aksiga olib, Entsoning yonida boshqa hushtak yo’q edi. Nima qilish kerak? Masalani hal qilishning oson yo’li topildi. Uchrashuvni to’xtatishi lozim bo’lgan vaziyatlarda hakam panjalarini og’ziga solib hushtak chala boshladi. Bu holatda hammadan ham italiyalik fanatlar lol qolishdi. Hushtakbozlikda ancha nom qozongan «Bolonya» muxlislari «Hakam birodarimiz, hakam birodarimiz», - deya baqirishib, quvonchdan bir-birlarini quchoqlay boshlashgan.
   JCH-62 final uchrashuvini boshqargan Nikolay Latishev 1966 yilgi mundialni quyidagicha xotirlaydi: «O’shanda Hakamlar Qo’mitasi qattiq tanqid ostiga uchragandi. Negaki, braziliyaliklarning uchta uchrashuvini ingliz hakamlari boshqarishgandi. Angliya terma jamoasi «Oltin ma’buda» uchun kurash olib borayotgan janubiy amerikaliklarning birinchi raqamli raqibi edi. Tan olishim kerak: haqiqatdan ham biz guruh o’yinlarining barchasiga hakamlar faqat FIFA prezidenti Stenli Rouz va Hakamlar Qo’mitasi a’zosi janob Aston tomonidan tayinlanishiga be’etibor qaragandik. Axir ularning ikkisi ham ingliz edilar... afsuski, ingliz hakamlari braziliyaliklar ishtirokidagi uchrashuvlarni «ko’ngildagidek» o’tkaza olmaganliklariga keyinchalik amin bo’ldik».
   2003 yilgi mavsum yakunida Italiya terma jamoasi qarorgohi – Koverchano shaharchasida mamlakat hakamlariga federatsiya tomonidan bayram dasturxoni yozildi. Tadbir ayni qizigan mahalda yoshi katta va ancha tajribali hakam Nikoli Ayroldi o’zidan kichik Rekkardo Pirrone sha’niga aytilgan maqtovlarga chiday olmadi. Kayfi oshib qolgan tajribali hakam futbol mutasaddilarining «Pirrone kelajakda Kollinaning o’rnini egallashga munosib», - degan gaplarini o’zi uchun haqorat deb biladi va hammaning ko’z oldida «xali sen tirrancha, mendan zo’r bo’lib qoldingmi?», - deya Pirroneni do’pposlab, kamiga tepkilab ketdi… Keyin nima bo’ldi deysizmi? Jabrlanuvchi Rikardo Pirrone «hakamlik mana shunday bo’lsa, undan ketganim yaxshi», - deb o’z faoliyatini to’xtatgan.
   1985 yili Frantsiya chempionatining navbatdagi tur uchrashuvida «Bordo» va «Nant» jamoalari o’zaro ro’baro kelishdi. Mezbonlar mag’lubiyatga uchrayotgan bir pallada muxlislardan biri yon qanot hakamini haqorat qilishga tushdi. So’kish va ta’nalarga asabi dosh bermagan Anri Bolbek oxir-oqibat bayroqchasini yerga uloqtirib, o’rindiqlar tomon yugurib ketdi. Voqea oniy lahazalarda yuz bergani uchun tartibni saqlash hodimlari nima yuz berayotganini anglay olmay qolishdi. Bu vaqtda hakam muxlislar bilan dahanaki jangga kirishib ketgandi. Bolbek janoblarining qo’rqmay, bir o’zi muxlislarga tashlanganligiga ko’pchilik tan berdi. Lekin Frantsiya Futbol Federatsiyasi emas. Rahbarlar uni katta pul miqdoridagi jarimaga tortishdi.
   2000 yilgi Braziliya chempionatida «Santos» va «San-Paulu» jamoalari ortasidagi oyinda qiziqarli voqea roy berdi. Peshqadamlar uchrashuvi 0:0 hisobida o’z poyoniga yetayotgandi. Ko’pchilik o’yin durrang bilan yakunlansa kerak deb o’ylardi. Bundan ayniqsa «San-Paulu» jamoasi xursand edi. Chunki, safardan ochko olib qaytish bu katta gap edida. 90 daqiqa tugadi. Hakam tomonidan qo’shib berilgan 3 daqiqa ham oxiriga yetay deb qolgandi…hakam endi hushtak chalmoqchi bo’ldi. Biroq shu pallada o’yin qoidasi buzildi. Penalti. Mehmonlar hakam qaroridan norozi bo’lishdi va o’z e’tirozlarini quyidagicha bildirishdi. Barcha o’n bir nafar jamoa a’zolari darvoza chizig’iga tizilib olishdi. Hakamni talabi-yu iltimoslari o’z samarasini bermadi. Shunda hakam navbat bilan o’nta futbolchiga qizil kartochka ko’rsatdi. Faqat darvozabon qoldi. Negaki, penalti tepilishi kerak edi. Shunda mehmonlar jamoasi rahbari hakamga qoidani eslatdi. Haqiqatdan ham qoidaga ko’ra maydonda bir jamoadan besh nafar o’yinchi chetlatilsa, o’yin to’xtatilishi kerak. Hakam esa «ayyor» mehmonlarga qarshi o’z usulini ishlatdi: penalti tepilishi bilan uchrashuv to’xtatiladi. Xullas, penalti aniq amalgam oshirildi va hisob – 1:0. «San-Paulu» jamoasining hiylasi ish bermadi.

P.S: O’zim yiqqan ma’lumotlar asosida tayyorladim.

Yusupov Furqat
Manba: furqatyusupov.blogspot.com


Комментариев нет:

Отправить комментарий