Показаны сообщения с ярлыком Shaxsiy. Показать все сообщения
Показаны сообщения с ярлыком Shaxsiy. Показать все сообщения

четверг, 13 февраля 2014 г.

14-FEVRAL SEVISHGANLAR KUNIMI?!

  
14-fevarl. Bu kunni ko’plab yoshlar «Sevishganlar kuni» sifatida nishonlashadi. To’g’risini aytadigan bo’lsam, o’zim bu kunni hech qachon nishonlamaganman (kamtarlik yoki manmanlikka yo’ymaysiz degan umiddaman), bu kun bilan bog’liq faqatgina bitta xotira bor. U ham bo’lsa kursdoshimning to’yi bo’lgan sana sifatida. Shu bois yosh tengqurlarimning bu kunni nishonlashlariga hech qachon qarshi bo’lmaganman. Biroq ayrim yoshlarning bu bayramni chegaradan chiqib ketgan holda nishonlashlariga qarshiman. Har narsada me’yor bo’lgani yaxshi. Ko’plab OAVda bu kunni nishonlash bizga to’g’ri kelmasligi haqida yozishadi, ko’rsatishadi. Uni har kim turlicha qabul qilishi ham bor gap.
   14-fevarl - «Valentin kuni». Nima uchun aynan shunday kun? Shu bois, bu kun tarixi bilan qiziqib qoldim. Lekin mazkur kun haqida aniq ma’lumotlar yo’qligiga amin bo’ldim. Muqaddas Valentin o‘zi kim? Katoliklar cherkovi Valentin yoki Valentinus nomi bilan eng kamida uchta avliyoni tan oladi, bularning barchasi mashaqqatli o‘lim topganlar. Birinchi rivoyatga ko‘ra, Valentin uchinchi asrda Romda ruhoniy bo‘lgan. Bir vaqtlar imperator Klavdiy II oilali va uylangan erkaklarga nisbatan uylanmagan erkaklarni eng yaxshi askarlar deb hisoblagan va potensial askarlar – yosh yigitlarga uylanishga ruxsat bermagan. Bunday adolatsizlikni tushunib yetgan Valentin Klavdiyga qarshi chiqib, sevishgan yoshlarni yashirin ravishda nikohdan o‘tkazishda davom etgan. Valentinning bu qilmishi ayon bo‘lgach, Klavdiy uni o‘limga mahkum etgan.  Ba‘zi tarixiy rivoyatlarga ko‘ra, Valentin xristianlarga rim qamoqxonalaridan qochishda yordam bergani uchun qatl etilgan deb hisoblanadi. Yana bir Rivoyatga ko‘ra, Valentin birinchi «Valentinka» jo‘natgan deb hisoblaydilar. Qamoqda bo‘lganda, deyiladi rivoyatda, Valentin uni ko‘rishga kelgan qamoqxona nazoratchisining qiziga oshiq bo‘lib qoladi. O‘limi oldidan unga «sening Valentining» degan imzo bilan xat yozadi. Bu ibora hozirga qadar valentinkalarda qo‘llaniladi. Aniq bir tarixga ega bo‘lmasada, Valentin afsonalari tufayli O‘rta asrlarda Angliya va Fransiyada eng mashhur avliyo hisoblangan. Yana bir jafokash Valentin o‘zining tabiblik qobiliyati va taomlarga ishqibozligi bilan mashhur bo‘lgan, rivoyatlarga ko‘ra, u faqat mazali dorilar tayyorlagan. Uchinchi Valentin to‘g‘risida ma‘lumot juda kam, faqat uning Afrikada o‘ldirilgani ma‘lum. Ba‘zilarning fikricha, Muqaddas Valentin kuni fevral o‘rtalarida, taxminan miloddan avval 270 yilda Muqaddas Valentin o‘lgan yoki dafn etilgan kunni nishonlash va boshqalarniing fikriga ko‘ra esa, xristianlar cherkovi rimliklarning Lupersatia hosildorlik va tozalanish majusiylik bayramlariga yangi talqin berish maqsadida bayram qilishga qaror qilganlar deb ta‘kidlaydilar. Shu kuni barcha turmushga chiqmagan qizlar romantik she‘rlar yozadilar va ularni yagona bir idishda to‘playdilar, uylanmagan yigitlar esa ko‘zlarini yumib xatni idishdan oladilar. Yangi bunyod bo‘lgan juftliklar kelasi yilga qadar uchrashib yurganlar. Bu bayramda uylar tozalanib, tuz va bug‘doylar sochilgan. Xullas shunaqa.
   14-fevral. Shu kuni ko’plab sevishganlar ertalabdan bozorlarga, do’konlarga oshiqadilar. O’zlari yaxshi ko’rgan insoni uchun sovg’alar olishadi. Bu tabiiy xolatga aylanib ulgurgan. Shu kunga oid ba’zi bir statistik ma’lumotlarni ham keltirib o’tmoqni joiz deb topdim. Homiladorlikoldini oluvchi vositalar ishlab chiqarish bilan shug’ullanuvchi Dureks (Durex) kompaniyasi bergan ma’lumotlarga qaraganda, korxona maxsulotlari savdosi 14-fevral kuni 20-30% ga oshadi. Jahonda erkaklar 14-fevral kuni ayollarga nisbatan ikki barobar ko’p pul ishlatishadi. (Erkaklar o’rtacha hisobda $156 va ayollar $85 sovg’alar uchun sarflashadi.) Jahonga mashxur otkritka ishlab chiqaruvchi Holmark (Hallmark) qaramog’ida 80 kishilik ilmiy guruh doimo avvalgi yildagi 14-fevraldagi otkritkalar savdosini tahlil qilib o’tirishadi. Har yili dunyoda 6 yoshdan 10 yoshgacha bo’lgan bolalar 14-fevral kuni 650 million sovg’alar ulashishadi. Bozordagi ba’zi bir tanishlarimdan so’raganimda «Valentin kuni» ayrim bayramlarga nisbatan 2-3 barobar ko’proq savdo bo’lishini ta’kidlab o’tdilar. Yigitlar ko’proq yumshoq o’yinchoqlar, qizlar esa soat sovg’a sotib olishar ekan. Albatta, har yerda har xil. Har kimning o’ziga yarasha didi bor…
   14-fevral. Bu kun faqat «Valentin kuni» emas, balki buyuk bobokalonimiz, shox va shoir Zahiriddin Muhammad Boburning tavallud topgan kuni ham sanaladi. OAVda buyuk ajdodimizga tug’ilgan kunlariga atab o’tkazilgan tadbirlar keng yoritiladi. Ko’plab joylarda Bobur kuni keng nishonlanadi. Shaxsiy fikrimcha bu kunni bizda Bobur kuni sifatida nishonlasak nur ustiga a’lo nur bo’lgan bo’lardi.
   14-fevral. Men blogpostim orqali kimgadir maslahat berishdan yiroqman. Chunki hali maslahat beradigan yoshga yetganim ham yo’q. Vaqti kelib balki bu kunga atab boshqacharoq maqola ham yozarman. Ammo hozircha qo’limdan kelgani shu. Xo’sh siz nima deb o’ylaysiz, «Valentin kuni»ni nishonlash kerakmikan?

Yusupov Furqat
Manba: furqatyusupov.blogspot.com

четверг, 6 февраля 2014 г.

GAZETADA MAQOLA CHIQARISH PULLIKMI?

  Bugun juralistlar bilan uchrashuv bo’lib o’tdi. Respublikamizdagi gazetalarning muharrirlari bilan bo’lib o’tgan uchrashuv juda qiziqarli kechdi deyolmaymanu, lekin bahs munozaralar menga yoqdi. Kutilmaganda bitta jurnalistimiz,  jurnalistika ta’lim yo’nalishi talabalari amaliyoti(praktika)dan qoniqmasligini aytib o’tdi. 3-4 ta jurnalistlar ham bu fikrni tasdiqlashdi. Keyin yana biri chiqib, jurnalist kadrlar borasida muammolar borligini ta’kidlab, talabalar redaksiyaga ko’pam boravermasliklarini aytdi. Yana bittasi esa talabalar kelsa bajonidil qo’llab quvatlashini alohida e’tirof etib o’tdi. To’g’risi bu bahs munozaralarga qo’shilgim, o’z fikrimni aytgim keldiyu, biroq… ko’pincha bunaqa uchrashuvlarda gaplarim ichimda qolib ketardi. Blogim esa meni bunday darddan ozod qildi. To’g’risi jurnalistlarimizning bo’lg’usi jurnalist talabalar haqidagi ayrim fikrlariga qo’shilgan bo’lsam ham, bitta gaplari yoqmadi. Talabalar redaksiyalarga kelisрmasmish?  
   Endi o’zimdan kelib chiqib fikr bildiradigan bo’lsaь, Nukusdagi 4-5 ta gazetaga maqola bilan bordim. Esimda eng dastlab «Ma’deniyat ha’m sport» gazetasiga material obordim. To’g’risi borganimga afsuslandim. O’sha payti 1-kursda o’qirdim. Gazeta hodimlari menga hali yosh ekansiz, bizda maqola chiqarishga ulgurasiz dedi. O’sha paytga kelib futbol gazetalarida 50 dan ortiq materiallarim chiqqan edi. Shu bois gazeta xodimining menga bo’lgan fikridan keyin, bu gazeta bilan ishlay olmasligimni angladim. Keyinroq yana 1-2 ta gazetalarga maqolalar oborgandim. «Xo’p, shu yerga tashlab ketaver, ko’rib chiqamiz», deb e’tibor ham bermay menga javob berishdi. Birinchilarida biroz ajablangandim, keyin esa ajablanishni istasam ham bunday qilolmadim. O’zbekiston bo’yicha chiqadigan gazetalarda maqolalarim chiqadi-yu, nega endi Nukusda chiqmaydi deb o’zimga o’zim savol berardim. Odatda sport mavzusida yozganim bois, balki ularga to’g’ri kelmasa kerak. Xullas kunlardan bir kuni ayrim kursdoshlarimizni taklifi bilan yana bitta gazeta redaktsiyasiga bordim. (Nukusda chiqadigan gazeta, nomini yozishni istamadim) Meni yaxshi kutib olishdi. Keyin savol-javob boshlandi. Redaksiyadagilarning gaplariga ko’ra, boshqa gazetalarda maqolasini chiqarolmaganlar, ushbu gazetada pul bilan o’z materiallarini chiqarishar ekan. Agar men ham ushbu gazetada maqolamni chiqarishni istasam, ularga yo pul to’lashim, yoki gazetalariga 1 yil obuna bo’lishim kerak ekan. Bu gaplardan keyin na yig’lashni, na kulishni bildim. Go’yo shok holatida edim. Keyin esa qo’limdagi materialni oldimda, u yerni tark etdim. Oldinlari men yozgan maqolalarim uchun qalam haqi olgan bo’lsam, endi o’zimizdagi qandaydir gazetada pul to’lab maqola chiqaramanmi? Yog’a, hech qachon. Shundan so’ng boshqa redaksiyalarga bormayman deb, o’zimga o’zim so’z bergandim. Bo’lib o’tgan voqealarni 1-2 ta tanishlarimga aytganimda ular, hech narsadan ajablanishmadi va bu odatiy hol ekanligini aytishdi. Ayrim do’stlarim esa maqolalarini gazetada chiqarish uchun «yuqori»dagi tanishlariga aytishganidan so’nggina materiallari chiqar ekan. Bu gaplardan keyin esa hayrat degan ko’chalarning tubiga tushib qoldim. Naxotki, Nukusdagi ayrim gazetalarda maqola chiqarish uchun ham tanish bilish yoki pul to’lash kerak bo’lsa? Bilishimcha men kabi, ayrim redaksiyalarning ostonasidan shu kabi gapni eshitib qaytgan yosh jurnalistlar yetarlicha topiladi. Endi aytingchi, shunday muomaladan keyin, birorta gazetaning redaksiyasiga borishni kim ham xohlar ekan?
   Bu gaplarim ko’plab muharrirlarning noroziligiga sabab bo’lishi mumkin. Biroq, men zerikkanimdan yoki boshqa sababdan emas, o’zimning praktikamda uchragani uchun ham ushbu fikrlarimni bayon qilishni istadim. Salomat bo’ling…

P.S: Maqolada Nukusdagi ayrim gazetalar haqida fikr yuritilgan

Yusupov Furqat
Manba: furqatyusupov.blogspot.com
 

четверг, 30 января 2014 г.

NUKUSDAGI FIGURALI UCHISH

   Kecha o’qishga borish uchun yo’l olar ekanman, ko’chaga chiqishim bilan sirpanib ketdim. Qarasam hammayoq muz. Zo’rg’a yurardim yo’lda. Ozgina yurgandim, yiqilib ham tushdim. Odamlar oldida biroz hijolat bo’lgandim. Biroq, har ikki qadamda menga o’xshab yiqiluvchilarga ko’zim tushardi. Xuddi butun Nukus muzlab qolgandek edi go’yo. O’ylanib qoldim, huddi muzlik davriga o’xshaydi-ya. Yo’g’-e, ja unchalikmasu, biroq yo’llar go’yo Figurali uchish maydoniga aylangandek. Kimni qarama muz ustida sirpanayotgan bo’ladi, yoki menga o’xshab yiqilayotgan. Anchadan buyon bunday manzarani guvohi bo’lmagandim. Bir amallab o’qishga ham yetib oldim. Darsdan chiqqanimdan so’ng, uyga otlandim. Muzlar haliyam erimabdi. Odamlar zo’rg’a yurishibdi. «Kablok» kiyib olgan qizlarga rahmim kelib ketdi. Kelayotganda qanday manzarani ko’rgan bo’lsam, qaytayotganda ham shunday bo’ldi. Ko’chadagi har 3-4 ta odamning bittasi sirpanib, yiqilib tushayapti. Yana bir amallab, huddi ignani ustida yurgandek ehtiyotkorlik bilan uygacha yetib oldim...

Yusupov Furqat
Manba: furqatyusupov.blogspot.com

вторник, 21 января 2014 г.

ERTALAB YOG'GAN QOR

   Bugun ertalab uyg’onib, derazaga ko’zim tushar ekan, hammayoq oppoqligini ko’rdim. Qor yog’ibdi. To’g’risi na xursand bo’lishni, na xafa bo’lishni bildim. Qor yog’gani yaxshi albatta. Lekin shu qor yo’lga yog’masadaaa. Qor yog’ganida eng katta muammo bu transport masalasi. O’qish 13:00 da boshlanishi bois har kuni uydan 12:30 larda chiqardim. Biroq bugun bu odatimdan voz kechib 12:00 da sumkamni qo’lga olib, yo’lga otlandim. Bozorda «stayanka»da 20 minutcha mashina kutdim. Oxiri bitta Gazel keldi. Odam ko’pligidan minishga navbat ko’p edi. Zo’rg’a mashinaga chiqqandim, o’tiradigan bo’sh o’rin yo’q. Keyingi keladigan transportni kutadigan bo’lsam, darsga kech qolishim aniq. Na iloj, minishga majbur bo’ldim. 16 o’rinli transportga 25 odamday mindik shekilli. Gazelda tik turgan holda ketar ekanman, manzilga yetaman deguncha ketgan 15 daqiqa 15 yilday bo’lib tuyuldi go’yo. Bo’ynim qiyshayib qolgan bo’lsa kerak deb o’ylagandim. Yo’q, xudoga shukrki unaqa bo’lmabdi. Qani endi menga qolganida shu qor faqat dam olish kunlari yog’sa edi degan hayolga borgandim. Yo’q, yo’q ko’chada o’nlab bolalarning xursand holda qorbo’ron o’ynayotganini ko’rib, fikrimdan qaytdim. Qor yog’ganiga shukr. Axir qanchadan qancha ellarda qor yog’ishi tarixiy hodisa sanalayotgan bir paytda, bizda qor har yili bir necha marotaba yog’adi. Yog’ayotgan qor qanchadan qancha odamlarga quvonch keltirganda, transportda 15 daqiqa tik turib, bo’ynim qiyshayib kelsa nima bo’libdi? Bemalol yog’aver oppoq qor.

Yusupov Furqat
Manba: furqatyusupov.blogspot.com

вторник, 14 января 2014 г.

TUG’ILGAN KUNING BILAN DO’STIM!!!

   Meni bitta do’stim bor. Biz atigi 3 yilgina birga o’qiganmiz xolos. Ammo o’sha davr mobaynida, biz juda ham yaqin do’stlarga aylandik. Men unga ishonardim. Hozir ham ishonaman. U asli Buxorolik. Oxirgi marotaba 2011-yili 11-dekabrda tug’ilgan kunimda ataylab Buxorodan Nukusga kelgandi. Uni oxirgi marotaba o’shanda ko’rdim. Shundan so’ng, yigitlik burchini ado etish uchun harbiy xizmatga ketdi. Xozir esa qayerlardadir ishlab yuribdi. Bu haqda aniq ma’lumot aytgani yo’q hozircha. Buning o’ziga yarasha sabablari bo’lsa kerak har xolda. Do’stim Doniyor tug’ilgan kuning bilan chin yurakdan tabriklayman. Senga uzoq umr, baxt saodat, sihat salomatlik, ishlarda muvaffaqiyatlar tilayman. Xudo xohlasa ushbu yilda TALABALIK baxtiga erishishinga tilakdoshman. Seni boshqa qanday tabriklashni bilmadim. Xozircha qo’limdan kelgani shu. Nasib qilsa Nukusga kelsang, balki sovg’amni berarman (xazil). Yana bir bora tug’ilgan kuning bilan DO’STIM…!

пятница, 3 января 2014 г.

2013-YIL SARHISOBI

   2013-yil ham tarix zarvaraqlaridan joy olib ulgurdi. Ortda qolgan yil mobaynida nimalar qildim? Bu savolni o’zimga berar ekanman, o’tgan yilim behuda ketmabdi degan hayolga bordim. Xullas o’zimning  yil sarhisobimni keltirib o’tmoqchiman.

SEMINAR-TRENINGLAR
   2013-yilda bir qator seminar-treninglarda ishtirok etishga muyassar bo’ldim. Keling, yaxshisi hammasini bir boshidan boshlayqolay.

YOSH JURNALISTLAR KLUBI 1-MAVSUM
   23-yanvarda «Yosh jurnalistlar klubi»ga asos solgan edik. Yanvar-may oralig’ida klubimiz bilan jami 13 ta seminar-trening o’tkazishga muvaffaq bo’ldik. Avvalo, men ushbu treninglarda o’zimni oratorlik qobiliyatimni rivojlantirishga muvaffaq bo’ldim. Shuningdek o’z ustimda ishlab, tajriba ham orttirdim.

TUMANLARDA
   Aprel oyida biz «Kelajak ovozi» aktsiyasi doirasida tumanlarga chiqdik. Men Respublikamizdagi 6 ta tumanda jurnalistika bo’yicha seminar-trening o’tkazdim. 16-aprelda Kegeyli turmish xizmat ko’rsatish Kasb Hunar Kollejida, 17-aprelda Chimboydagi №3 sonli Akademik Litseyda, 19-aprelda Qanliko’l Pedagogika Kollejida, 20-aprelda Qo’ng’irot Tibbiyot Kollejida, 22-aprelda Amudaryo Akademik Litseyida, 23-aprelda Ellikqal’a Pedagogika Kollejida umumiy hisobda 108 nafar jurnalist bo’lishga qiziqadigan yoshlarga terninglar o’tkazdim. Har bir tumandagi seminarlar menda olam-olam taasurotlar qoldirdi. Qanliko’l, Kegeyli va Qo’ng’irot tumanlarida «Yosh jurnalistlar klubi»ni ochish haqida taklifimiz qabul qilindi va endi mazkur tumanlarda ham jurnalistlar klubi faoliyat yurita boshladi


 
«KELAJAK OVOZI» YOZGI O’QUV OROMGOHI
   1-14 iyul oralig’ida Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani «Lochin» oromgohida tashkil qilingan «Kelajak ovozi» yozgi o’quv-oromgohida ishtirok etdim. Men bu yerda TV jurnalistika yo’nalishida bo’ldim. Garchi televideniya sohasiga qiziqsam ham, o’zimni hech qachon telejurnalist sifatida sinab ko’rmagan edim. Mana shu oromgohda esa menga ana shunday baxt nasib etdi. Kamera oldida ko’pincha o’zimni yo’qotib qo’yardim, Baxtiyor To’raxonov, Baxtiyor Safarov va Zamira Ortiqovalarning seminar-treninglarida esa men ko’p narsani o’rgandim va kamera oldida o’zimni erkin his qila boshladim. Garchi birinchi ishlagan lavhalarim omadsiz chiqqan bo’lsa ham, bu yerda olgan bilimlarim menga kelajakda as qotishiga ishonchim komil.

«BIZ SOG’LOM TURMUSH TARZI UCHUN»
   26-29 iyul sanalarida UNFPA tashkiloti va «Kelajak ovozi» YoTM hamkorligida tashkil etilgan «Biz sog’lom turmush tarzi uchun» seminar-treninggida ishtirok etdim. Seminar mobaynida men OIV, OITS va jinsiy yo’llar bilan yuquvchi kasalliklar haqida o’rgandim, turli videoroliklar oraqali esa mazkur kasalliklar haqida yanada keng tasavvurga ega bo’ldim.

«YOSH JURNALISTLAR KLUBI» YOZGI O’QUV-SEMINARI
   TV jurnalistika bo’yicha olgan bilimlarimni klub a’zolari bilan baham ko’rish maqsadida «Y.J.K»ning yozgi seminar-treninggini tashkil qildik. Trening mobaynida biz «stend up», «vox-pop», «live», «intershum», «sinopsis», reportaj tayyorlash usullari haqida keng ma’lumotlar berib o’tdik.

MEDIA OROMGOH
   20-27 avgust oralig’ida Toshkent viloyatining Bo’stonliq tumanida tashkil etilgan Media oromgohda ishtirok etdim. Bu yerda o’tkazgan 1 hafta hayotimning eng esda qolarli voqealariga boy bo’ldi desam aslo mubolag’a bo’lmaydi. Men Bosma so’z jurnalistika yo’nalishi guruhida bo’lgan bo’lsam ham, Internet jurnalistikasi guruhining seminarlarida ham ishtirok etdim va bu narsa menga bloggerlik faoliyatimning boshlanishiga turtki bo’ldi. O’zbek bloggerlari ichida yetakchilik qilayotgan Xushnud Xudoyberdiyev blog haqida tushuntirib o’tdi. Shu o’rinda ushbu insonga cheksiz minnatdorchilik bildirib o’taman. Oromgohda shuningdek bir qator taniqli jurnalistlar bilan uchrashuvlar ham o’tkazildi. Jumladan Xurshid Do’stmuhammad bilan o’tkazilgan davra suhbati menda katta taasurotlar qoldirdi. 26-avgust kuni esa nihoyat men orziqib kutgan uchrashuv bo’lib o’tdi. Sport sharxlovchilari Mirzahakim To’xtamirzaev, Davron Fayziev, Norbek Niyozov, «Interfutbol» gazetasi muhbiri Kamoliddin Alimov, «Paxtakor» klubi matbuot kotibi Behzod Nazarovlar bilan bo’lib o’tgan uchrashuv juda ham qiziqarli bo’lib o’tdi. Sevimli jurnalistlarim bilan bo’lgan suhbatlar esa juda maroqli bo’lgandi. Darvoqe bloggerlar bilan tashkillashtirilgan ochiq suhbat ham ajyib tarzda o’tdi. Eng muhimi men juda katta bilimlar oldim va ozgina bo’lsa ham tajriba to’pladim.

«YOSH JURNALISTLAR KLUBI» 2-MAVSUMI
   Klubimiz faoliyatini yangi o’quv yilida yana davom ettirdik. Endi safimiz ham bir qancha ko’paya boshladi.

«BIZNES-TRENERLAR» SEMINARI
   19-20 dekabr kunlari «Kamolot» YIH QR Kengashi qoshidagi «Yosh tadbirkor» maslahat kengashi tomonidan «Biznes trenerlar»ni tayyorlash seminar-treninggi tashkillashtirildi. Men ilk bora biznes treningda ishtirok etdim va ushbu soha bo’yicha ham ozroq bo’lsada ma’lumotlarga ega bo’ldim. Trening yakunida esa bitta hulosaga keldim. O’zimni biznesda ham sinab ko’rmoqchiman!

«YOSH JURNALISTLAR KLUBI» QISHKI O’QUV-SEMINARI
   23-24 dekabr sanalarida klubimizning qishki o’quv seminarlarini tashkil qildik. 2 kun mobaynida biz tele, internet va bosma so’z jurnalistikasi bo’yicha klub a’zolariga bilgan va o’rgangan narsalarimizni o’rgatdik. Xudo xohlasa yangi 2014-yilda ham klub o’z faoliyatini davom ettiradi.

XULOSA
   Xullas yil mobaynida o’zim qatnashgan va o’tkazgan seminar-treninglar men uchun faqat va faqat foyda bo’ldi desam, mubolag’asiz bo’ladi. Har bir seminarda men nimanidir bo’lsa ham o’rgandim. Statsitikaga murojaat qiladigan bo’lsam yil bo’yi o’zim 4 ta seminar-treningda qatnashdim (14, 7, 4, va 2 kunlik). 2 marotaba (3 va 2 kunlik) seminar o’tkazdim. «Yosh jurnalistlar Klibi»ning 14 ta seminarida trenerlik qildim. Tumanlarda esa 6 ta trening o’tkazdim. Umumiy qilib aytadigan bo’lsam 4 ta seminarda  jami 27 kun ishtirokchi sifatida qatnashdim, 22 ta seminarda esa 25 kun trenerlik qilishga muvaffaq bo’ldim. Yilning 265 kunining 52 kunida TRENINGLARDA ishtirok etdim.

IJODIY FAOLIYATGA NAZAR.
GAZETALARDA
   Yil davomida «Interfutbol», «Erudit-sport» va «Qaraqalpaq Universiteti» gazetalarida jami 27 ta maqolam chop etildi. Ular orasida Universitetimiz gazetasida chop etilgan «Universitette temeki shegiwge bolama?» (Universitetda sigaret chekishga bo’ladimi?) nomli maqolam alohida e’tirof etildi. Shundan so’ng Universitet hududida talabalar va domlalarning tamaki chekishlari bartaraf etildi. Umumiy hisobda 8 ta tanqidiy maqolam ham omma yuzini ko’rdi.

INTERNET SAYTLARIDA
   Interfutbol.uz, uff.uz, stadion.uz, chempionat.uz, arena.uz, intersport.uz, darakchi.uz kabi 24 ta saytda 75 ta men mualliflik qilgan maqolalar joriy qilindi. Uff.uz saytida «Football Times» blogini yurita boshladim. Ushbu blogda yil mobaynida 16 ta maqolam e’lon qilindi. Furqatyusupov.blogspot.com da esa 45 ma maqola kiritdim. Umumiy hisobda yil mobaynida internet saytlarida 136 ta maqolalarim chiqdi.

ILMIY MAQOLA
   To’g’risini aytadigan bo’lsam ilmiy maqola yozishni yoqtirmayman. Lekin o’qishda keyingi muvaffaqiyatlar uchun ilmiy maqola yozishim SHART edi. Shunday ham bo’ldi. Yil davomida 3 ta ilmiy maqolam dunyo yuzini ko’rgan bo’lsa, ularning biri Sankt Peterburgda chiqqan ilmiy to’plamda joriy qilindi.

BLOG STATISTIKASI
   Blogimni 23-avgust sanasida ochgan edim. O’shandan buyon 2013-yilning qolgan 4 oyi mobaynida 45 ta blogpost yozdim. Oylarga taqsimlaydigan bo’lsam noyabrda eng ko’p – 19 ta maqola kiritgan bo’lsam, sentabrda biroz dangasalik qildim atigi – 1 ta. 4 oy mobaynida blogimga tashrif buyuruvchilar soni 3504 tani tashkil qildi. Bu albatta kichkina son. Lekin men uchun boshlanishiga chakki emas. Eng ko’p o’quvchilar yurtimiz vakillari bo’lishdi – 1392 marta. AQSH – 966, Rossiya – 196 kuchli uchlikni tashkil qilishdi. Shuningdek dastlabki o’nlikka Germaniya, Ukraina, Armaniston, Moldova, janubiy Koreya, Qozog’iston va Moldova mamlakatlari o’quvchilari kirishdi. Eng ko’p o’qilgan maqola esa «To’ylar muborak» bo’ldi. Krishtianu Ronalduning hayoliy to’yi ko’pchilikda qiziqish uyg’ota olgan ko’rinadi. Shuningdek blogimda chiqqan maqolalar 19 saytda 78 marotaba e'lon qilindi.  Xullas bu blogimning qisqacha statistikasi edi.

TADBIRLAR
   4-aprelda «Biz bir jamoa, biz bir oila» aktsiyasida ishtirok etdim. Aktsiya doirasida «Yosh telejurnalistlar kastingi»da qatnashib, undan o’tishga muvaffaq bo’ldim. Futbol-shouda garchi maydonga tushib to’p tepmagan bo’lsam, san’atkorlar bilan mashqa jarayonlarida birga to’p surdim. 7-avgustda Xayriya oshida qatnashishga muvaffaq bo’ldim. Shuningdek yil mobaynida «Kelajak ovozi» va «Kamalak» tanlovlarida tashkilotchilik qobilayitimni namoyon qilishga erishdim.
TANLOVLAR
   2012-yili «Kelajak ovozi» tanlovida g’oliblikni qo’lga kiritgan bo’lsam, 2013-yili tanlovlarda zafar quchmadim. Lekin shunday bo’lsa ham «Oltin qalam», «Yilning eng faol jurnalisti», «Yilning eng faol yosh jurnalisti» tanlovlarida qatnashdim. Bu men uchun tajriba maktabi vazifasini o’tab berdi. Yangi 2014-yilda ushbu tanlovlarning kamida bittasida g’olib bo’lish uchun albatta harakat qilaman. Niyatlarim ro’yobga chiqishini esa yaratgandan so’rab qolaman. «»

O’QISHDA
   2013-yil o’qishda omadli ham bo’ldi, shu bilan birga omadsiz ham. Qishki sessiyani «5» ga yopdim. Hammasi ko’ngiladgidek edi. Biroq yozgi sessiyada hammasi tamomila aks ko’rinish ola boshladi. Ayrim sabablarga ko’ra, (sababini yozishni istamadim) bitta fandan menga «3» qo’yishdi. Alam qiladigan tarafi shunda ediki, sirtqi fanlardan hammasi besh bo’ldiyu, ichki fandan menga uch qo’yishdi. Navoiy stepindiyasiga urinib ko’rmoqchi edim. Biroq endi bu hom hayolligicha qolib ketadigan bo’ldi. Hechqisi yo’q, bir qadam orqaga bo’lsa, endi ikki qadam oldinga yuramiz.

SHAXSIY HAYOTDA
   Shaxsiya hayotimda u qadar katta o’zgarishlar yuz bermadi. Huddi oldingi yilgidek o’tgan yilni ham bo’ydoq sifatida o’tkazdim. Har holda bu an’anani bu yili ham buzish niyatim yo’q.

YUTUQLAR
   Yil davomida 6 ta «Sertifikat», 2 ta «Faxriy yorli»,  1 ta «Diplom»ni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldim. 2014-yili bu natijamni yanada yaxshilayman degan umiddaman.  

UMUMIY XULOSA
   Xullas, yakuniga yetgan 2013-yil men uchun omadli bo’ldi deb ayta olaman. Yangi 2014-yildan esa umidlarim katta. Oldimga qo’ygan reja va maqsadlarimni amalga oshirish uchun albatta harakat qilaman.

Yusupov Furqat
Manba: furqatyusupov.blogspot.com

пятница, 22 ноября 2013 г.

YUSUPOV FURQAT ERGASHOVICH

  
Yusupov Furqat 1992 yili 11 dekabr kuni Xorazm viloyati, Xiva tumanida tug’ilgan. 1999 yili Xiva tumanidagi №4 sonli maktabning 1-sinfiga qabul qilindi. 2003-yili Nukus shahridagi №37 sonli maktabni o’qishni davom ettirdi. 2008-yili maktabni muvaffaqiyatli tamomlab QDU qoshidagi №1 sonli akademik litseyda tahsilni davom ettirdi. 2011-yili esa QDU Qaraqalpaq filologiyasi fakulteti, jurnalistika ta’lim yo’nalishiga o’qishga kirdi.
   2008-yildan boshlab «Erudit-sport» va «Interfutbol» gazetalariga maqola va she’rlar yoza boshladi. 2011-yildan boshlab esa Namangan shahrida nashrdan chiqadigan «Interfutbol» gazetasining tashqi muxbiri sifatida faoliyat yurita boshladi. Shu kunga qadar uning «Interfutbol» gazetasida 91 ta, «Erudit-sport» gazetasida 61 ta, «Chempion» gazetasida 2 ta, «Asr futboli» gazetasida 1 ta, «Qaraqalpaq universiteti» gazetasida 6 taщ maqolasi chop etildi. Shuningdek 3 ta ilmiy maqolasi, jumladan 1 tasi Sankt-Peterburgda chiqqan ilmiy jurnalda chop etildi.
   U internet jurnalistikasi bilan ham shug’ullanadi. «www.interfutbol.uz», «www.uff.uz», «www.stadion.uz», «www.chempionat.uz», «www.fchisor.uz», «www.voha.uz», «www.lochinlar.uz», «www.megamedia.uz», «www.uznet.biz», «www.fi.uz», «www.uzbekarsenal.at.ua», «www.fikr.uz», «fip.ucoz.ru», «gazetaNet», «www.ajoyib.com», «www.muxlis.biz», «www.quvnoq.com», «www.jpg.uz», «www.darakchi.uz», «www.fk.uz», «manunited.uz», «chelsi.uz», «arena.uz», «intersport.uz», «milliy.biz» kabi 20 dan ortiq saytlarda 200 dan ortiq maqola, she’r va hikoyalari chiqdi. Uff.uz saytida «Football times» blogini olib boradi.
    Internetdagi shaxsiy blogi furqatyusupov.blogspot.com
  2012-yil «Kelajak ovozi» yoshlar tanlovida, «Adabiyot va publitsisitika» yo’nalishining «Publitsistika» nominatsiyasida Nukus shahar bosqichida 3-o’rinni, Qoraqalpog’iston Respublikasi bosqichida esa g’oliblikni qo’lga kiritib Respublika bosqichiga yo’llanma oldi. 19-26 dekabr sanalarida Toshkent shahrida bo’lib o’tgan Respublika bosqichida g’oliblikni qo’lga kiritdi.
   2012-yil «Tengdoshga-tengdosh» loyihasining «Biz sog’lom turmush tarzi tarafdorimiz» seminar-treninggida qatnashib sertifikat bilan taqdirlangan. U Sportning futbol turiga qiziqadi. 2010-yili futbol bo’yicha «Barkamol avlod» sport o’yinlari Nukus shahar final bosqichida 1-o’rinni qo’lga kiritdi. «Kelajak ovozi» stipendianti – 2013.
   Furqat bugungi kunda «Kelajak ovozi» Yoshlar Tashabbuslari markazida «Pressa» yo’nalishida faoliyat olib bormoqda. Yanvar oyidan boshlab Berdaq nomidagi Qoraqalpoq Davlat Universiteti, «Kelajak ovozi» YoTM va «Kamolot» YIH tomonidan tashkillashtirilgan «Yosh jurnalistlar klubi»da trenerlik qilib kelmoqda. Mazkur klubda 30 nafar yosh jurnalistlar qatnashib kelishmoqda. 2012/2013 yilgi o’quv yilgi mavsum so’ngida «Yosh jurnalistlar klubi»ni tashkillashtirishda faol qatnashgan trener sifatida sertifikat bilan taqdirlangan.
   2013-yil Qashqadaryo viloyatida bo’lib o’tgan «Kelajak ovozi yozgi o’quv oromgohida» «TV jurnalistika» yo’nalishi bo’yicha seminar-treningda ishtirok etib qaytdi.
   Mazkur yilning 7-9 avgust sanalarida ana shu olgan bilimlarini “Yosh jurnalistlar klubi” yozgi o’quv-seminarida o’z tengdoshlariga o’rgatdi. Seminarda ishtirojk etganlar «Kelajak ovozi» YoTM tomonidan sertifikat bilan taqdirlandilar. Furqat esa ushbu seminarda trenerlik qilganligi uchun sertifikat olishga muvaffaq bo’ldi.
   20-27 avgust oralig’ida Toshkent viloyatida o’tkazilgan Media-oromgohda ishtirok etib, sertifikat bilan taqdirlangan. Shuningdek Kegeyli, Chimbay, Qanliko’l, Qo’ng’irot, Amudaryo va Ellikqal’a tumanlarida ham seminar-treninglar o’tkazgan. U maqola yozishdan tashqari radioda ham bir necha bor chiqishlarni amalga oshirgan.
   Kelajakdagi orzulari jurnalistlarjurnalist sifatida o’zbek sportini yanada rivojlantirishda o’z xissasini qo’shish, jurnalistlar uchun eng ulug’ mukofot sanaladigan «Oltin qalam» tanlovida g’olib bo’lish, futbolda oid gazeta ochish.
   Elektron-pochtasi: furqat_1112@mail.ru зхшел

четверг, 7 ноября 2013 г.

INTERNETDAGI 200-MAQOLA.


   Bugun men uchun eng muxim voqealardan biri bo’ldi desam aslo mubolag’a bo’lmaydi. Boisi, internet saytlarida men mualliflik qilgan 200-maqolam chiqdi. O’zim «Interfutbol» gazetasida faoliyat olib borayotganim bois, gazetadagi maqolalarim saytda ham chiqib turar edi. Interfutbol.uz dan esa boshqa saytlar ham ko’chirib olib, o’z saytlarida mening maqolalarimni chiqarishgan. Ming afsuski, ba’zi saytlar men yozgan maqolalarimda, muallif degan joyda meni ismimni ko’rastmay ketganligini ham guvohi bo’ldim. Hozirgacha men mualliflik QILGAN 200 ta maqolani internet saytlaridan topa oldim. Balki, ularning soni 200 tadan ham ortiqdir. Bunisini bilmadim. Shunday bo’lsa ham 200 raqami men uchun yaxshi natija. Ammo yuqori cho’qqi emas. Xullas statistikaga to’xtalib o’tsam. Shu paytgacha blogimni hisobga olmaganda, 29 ta saytda maqolalarim chiqqan ekan. Jumladan: interfutbol.uz da – 70ta, uff.uz – 27 ta, chempionat.uz da – 9 ta, stadion.uz da 9 ta. Har xolda eng yetakchilari mana shular. Yillar bo’yicha tahsimlaganda esa
2009-yili: - 1 ta,
2010-yili: - 7 ta,
2011-yili: - 26 ta,
2012-yili: - 77 ta,
2013-yili: - 89 ta.
Eng ko’p o’qilgan maqola esa uff.uz da chiqqan «Jahon futbolidagi eng buyuklar» maqolasidir. Ushbu maqola jami – 23119 marta o’qilgan. Shuningdek ushbu maqolamga jami 265 marta fikr bildirishgan.
Xullas bu qisqacha statistika edi. Men uchun esa «O’rgimchak to’ri»dagi  yubiley 200-maqola edi.  

Yusupov Furqat.