пятница, 20 декабря 2013 г.

II-Futbolim…piyoda oxiriga {k}etmadi

   Meni yaxshi tanimaysiz. Ammo kimning farzandi ekanligimni aytsam, qisman bo’lsada tanish chiqamiz. Bundan roppa-rosa to’rt oy muqaddam mening otam olim “piyoda” o’zining fantaziyasi bilan yaratilgan yangi musobaqa – futbolim…piyoda haqidagi reportajni sizlarga havola etgandi. Agar yodingizdan ko’tarilgan bo’lsa eslatib qo’yishim mumkin, reportaj “Nukus futbolim…piyodasi yakuniga yetdi”, deb nomlangandi.


   Ushbu yangi musobaqa tufayli otam Perd Kuberten kabi tarixdan munosib joy egalladi. Bilasiz, o’zbekning bolasi otasiga o’xshashni orzu qiladi. Men ham bundan mustasno emasman. Qachondir ushbu gazetaning sarg’aygan sahifalarini titkilab farzandlarimga “mana, ko’rlaring, bobong kim bo’lganu otang kim bo’lgan”, deb bir maqtanib olaman. Farzandlarim otalaridan faxranib yurishsin. Nima dedingiz?
   Yoshing nechada deysizmi? Buning nima axamiyati bor? Juda bilgingiz kelayotgan bo’lsa mayli, aytsam ayta qolay. Endi 15 ga to’ldim. Hozircha maktabda o’qib-uxlab yuribman. Kelajakda zo’r jurnalist bo’lmoqchiman. Otam kabi fermer bo’lib yurish menga to’g’ri kelmaydi. To’g’ri, otamdan hozircha o’tib tushgan joyim yo’q. U kabi men ham uyquchiman. Yana xayol surishni yaxshi ko’raman. Xayollarimda Maradona, Messi, Ronaldular bilan birga futbol o’ynayman. Ko’pincha ularni dog’da qoldirib olqishlarga (aniqrog’i, dashnomlarga) sazovor bo’laman. Otamdan farqim shuki, u do’lananing tagida mijja qoqishni yaxshi ko’radi. Men esa partaga bosh qo’yib uxlash maqulroq deb xisoblayman. Ham dars o’tadi, ham vaqtim. Qalay, mantiqan fikrlashim chakkimasa?
   Xo’sh bo’lmasa boshladik-a. Tarixda qolib ketgan I-futbolim…piyodaning Nukusda o’tkazilganidan xabardrsiz, albatta. II-futbolim…piyoda esa yaqindagina futbol bo’yicha jahon chempionati mezboni bo’lgan JARda tashkil etildi. Buning o’ziga yarasha sabablari bor, albatta. Birinchidan II-futbolim…piyoda qatnashchilarining aksariyati futbol bo’yicha o’tkazilgan jahon chempionati ishtirokchilari edilar. Ularning vaqtlarini, mablag’larini tejash niyatida tashkilotchilar shunday qarorga keldilar.  Ikkinchidan, JARning tabiati iqlimi Nukusnikiga biroz bo’lsada o’xshab ketadi. Faqat do’lanalar yetishmaydi, xolos. Hechqisi yo’q, bu katta muammo tug’dirmaydi, deb o’ylayman. Do’lana bo’lmasa palma-da!
   II-futbolim…piyoda mash’alasi birinchisidan farqli o’laroq, ekstremal sharoitlarda yoqildi. U Atlantika okeaning eng tubida chig’anoqlarni bir biriga ishqash yo’li bilan alanga oldiri, “Titanik”da to’ppa to’g’ri JARga keltirildi. Ulkan kemaning jihozlari yaxshi ishlanmagani uchun mash’ala naqd bo’lmasa Hind okeaniga o’tib keta yozdi. Yaxshi hamki, futbolim…piyoda asoschisining, ya’ni otamning hushyorligi buni oldini oldi. Bir umr piyoda yurgan olim fermerning bus afar piyoda ketmay, “Titanik”da safar qilgani, oqibatda dengiz kasaliga duchor bo’lib uxlay olmagani foyda keltirdi. Aytganday, mash’alani olib kelishda mashhur bokschi Zayniddin Zidandan, Maradona, Anri kabi gandbolchilar, Piter Krauch kabi voleybolchiyu, Server Jeparovday akrobatlar jonbozlik ko’rsatishdi.
   Musobaqaning ochilish marosimida so’zga chiqqan futbolim…piyodaning faxriy prezidenti Zepp Blatter barcha ishqibozlarga omad tilab, bu musobaqada boshqa qatnashmasliklarini so’radi.
   II-futbolim…piyoda dasturidan o’rin olgan 100 metrga yugurish musobaqasida meksikalik Xaver Ernandes g’oliblik nashidasini surdi. “kumush” seriali, yo’g’-ey, kumush medal Aren Robbenga, bronza esa o’zbekistonlik Yaroslax Krushelnitskiyga nasib etdi.
   200 metrga yugurish bahslari ham juda shiddatli o’tdi. Unda angliya premer-ligasi ishtirokchilari o’zlarini ko’rsatishdi. G’oliblik “Manchester Yunayted” posboni Edvin Van Der Saarga nasib etdi. Angliya terma jamoasi posboni Devid Jeyms undan ortda qolmaslikka uringan bo’lsada, ikkinchi o’rin bilan cheklandi. Uchinchi o’rinni egallagan “Real” yarim himoyachisi Krishtianu Ronaldu alamdan sochlarini yulib olay dedi. Ammo to’rtinchi o’rinni egallagan “Paxtakor” hujumchisi Sasha Geynrix unga bunday qilmaslikka maslahat berdi. Krishtianu biroz o’ylab ko’rgach, Aleksandrning maslahatlarini, jo’yali deb topdi. Aftidan u Irina Sheykdan ajralib qolishi mumkinligini anglab qoldi…
   Nisbiy omadsizlik Ronalduga qattiq ta’sir qilgan shekilli, u marafonda qatnashish istagini bildirdi. To’rt yuz nafar sportchi ishtirok etgan marafon bahslari futbolchilarning jismoniy imkoniyatlario qay darajada ekanini yaqqol isbotlab qo’ydi. 42 kilometr, 195 metr masofa ortda qoldirgan Ronalduning orqasidan birgina “uchmas golland” Dennis Bergkamp ko’rinardi, xolos. Qolganlar yarim yo’lda cho’zilib qolishdi. Ayrimlar palmalar ostiga berkinib olishdi. Ular orasida O’zbekiston termasi a’zolari ham bor edilar. Qisqasi bronza medali tashkilotchilarga “leva” bo’lib qoldi.
   Yakkakurash bahslari har qanday musobaqaning bezagi xisoblanadi. Ayniqsa, kurash bahslari hamisha qizg’in kechadi. Uning ishtirokchilari g’olib chiqish uchun qo’llaridan kelgan va kelmagan barcha ishlarni amalgam oshirishadi. Raqibni to’xtatib qolish uchun uning futbolkasi, butsasi, xatto shortigini yechib olishdan ham toymaydigan ayyor sportchilargina g’oliblik nashidasini surishadi. Qolgan lallayganlar medallarni orzu qilmasalar ham bo’laveradi. Angliyalik mashhur Pol Gaskoyn bu borada hamon tengsiz ekan. Unga hattoki, Materatsi va Gattuzalar ham raqobat ko’rsata olishmadi. O’zbekistonlik futbolchilardan birortasi ham kuchli 50talikka kira olmadi. Holbuki, Artyo’m Filiposyan va Xayrulla Karimovlardan umidimiz katta edi.
    Karate bahslarida kutilganidek ko’p sportchi ishtirok etmadi. Finalda gollandiyalik Nayjel de Yong va ispaniyalik Xabi Alonsalar kuch sinashishdi. Raqibining ko’kragiga chiroyli usulda sakrab zarba bergan De Yong musobaqa g’olibi bo’ldi. Shu o’rinda hakamning Alonsaga biroz yon bosganini ham takidlash joiz. U De Yongning aniq zarbasini ko’rmaganga oldi. Ammo tashkilotchilar baribir gollandni g’olib deb tan olishdi.
   Boks bahslari zerikarliroq o’tdi. Finalda bokschilar deyarli jang qilishmadi. Shunga qaramay biroz faollik ko’rsatgan braziliyalik Kaka hakamlar qaroriga ko’ra afrikalik Keytadan ustun keldi. Uchinchi o’rin uchun jang umuman o’tkazilmadi.
   “Figurali uchish” musobaqasida afrikaliklarga teng keladigan topilmadi. Yakkalik bahslarida kamerunlik Roje Milla, jamoaviy bahslarda Gana termasi azolari boshqalardan yaqqol ustun ekanliklarini namoyish etishdi. Ular ijrosidagi golni nishonlash raqsi muxlislarning gulduros qarsaklariga sazovor bo’ldi.
   Eng qiziqarli o’tgan sport turi sifatidashaxmatni alohida  qayd etgan bo’lardik. Shveytsarcha o’tkazilgan bahslar o’tmishda gandbolchi bo’lgan, faoliyatini yakunlagandan so’ng qo’l ko’tarib osmonga sakrash sport turini o’zlashtirgan, mashhur Maradona va “munajjim”, deb ta’rif olgan Raymon Domeneklar o’zaro kuch sinashdilar. Raqibidan yaqqol ustunlik qilgan fransuz murabbiyi g’olib chiqib, Parijga navbatsiz chipta sotib olish huquqini qo’lga kiritdi. Maradona bundan also xafa bo’lgani yo’q. U ham tez orada raqibi ortidan Buenos- Ayres yo’nalishida parvoz qildi
   Sportning voleybol turida ham tashkilotchilar ikki medalni “ekonom”. Qilishdi. Angliya termasi a’zosi Piter Krauchni ko’rgan raqiblar ustozlari musobaqada qatnashishdan bosh tortib qo’ya qolishdi. Sovrindor bo’lishga ko’zing yetmagandan keyin unda ishtirok etishdan ne naf.
   II-futbolimpiyoda dasturidan o’rin olgan poyga bahslarida asosan “Formula-1” qatnashchilari ishtirok etishdi. Birinchi o’rin “nemis mashinasini boshqargan Yoxim Lyo’vga nasib qildi. Ikkinchi o’rinni yapon mashinasi “Xonda”ni minib maydonga tushgan Keysuke egalladi. Gollandiyalik Ben Van Marveyk “BMV” mashinasida marraga uchinchi bo’lib yetib keldi. Sovrindorlarning shampon to’ldirilgan havzada bo’kib o’lishlariga sa-al qoldi.
   II-futbolim…piyoda bahslariga bo’lgan qiziqishni kuchaytirish, uning ommaviyligini oshirish maqsadida tashkilotchilar ko’plab tanlovlar, viktorinalar tashkil qilishdi. Dunyoning turli burchaklaridan kelgan sportchilar o’zlarining ikkinchi iqtidorlarini ham namoyish etishdi.
   Cho’pchak aytish konkursida braziliyalik mashhur inson Pelega teng keladigani topilmadi. Futbol qiroli shunchalar ko’p cho’pchak aytdiki, tashkilotchilar unga birinchi o’rinni berish bilan cheklanmay maxsus sovg’alar ham taqdim etishdi. Eng qizig’i, Pelening bir cgo’pchagi ikkinchisini inkor etaverdi. Mana buni ser qirralik desa bo’ladi! Bu tanlovda isroillik Avraam Grant ikkinchi, angliyalik Xarri Rednap esa uchinchi bo’ldi. O’zbekistonlik Vadim Abramov maxsus sovrin bilan taqdirlandi.
   “Qovun tushirish” konkursi ham g’oyat qiziqarli o’tdi. Bunda angliyalik muxlislarni maftun qilgan Robert Grin bosh sovrin egasi bo’ldi. Angliyaliklar unga qarata bodring, tuxum kabi to’yimli yeguliklarni uloqtirib o’z ehtiromlarini izhor etishdi. Fransiyalik Faben Bartez va daniyalik Peter Shmeyxellar ham g’olibdan qolishmaslikka intilishdi. Ammo ularning “qovun”lari eskirib qolgani bois, cheklariga ikkinchi va uchinchi bo’lish yozilgan ekan, xolos.
   Tashkilotchilar Sherali Hojievning “Aytishuv” tanlovidan andoza olgan ko’rinishadi. Ular futbolchi va murabiylar o’rtasida o’ziga xos musobaqa o’tkazdilar. Uning ilk lauteati sifatida fonogrammasiz ham ovozini butun dunyoga tarata olgan fransiyalik hujumchi Nikolya Anelka tan olindi. Iqtidorli insonlar barcha jabhalarda iqtidorli bo’lishadi, deb shunga aytsalar kerak-da. Nikolya o’z murabbiyi sha’niga shunchalar chiroyli lapar aytdiki, hattoki, jirafalar tuyoqlari bilan quloqlarini berkitib olishdi…
- Xo’v, yalqov, hoy tanbal! Yusupov, senga aytyapman. Yana uxlayapsanmi?

   Uff, darsda yana uxlab qolibman. Sizga aytgandimku, darsda mijja qoqishni yaxshi ko’raman, deb. O’qituvchimiz meni shunchalar siyladiki, sinfdoshlarim quloqlarini berkitib olishdi. Mayli muhimi, II-futbolim…piyoda  reportajini chalaroq bo’lsada sizlarga yetkazishga ulgurdim-ku.


Yusupov Furqat
Manba: furqatyusupov.blogspot.com

Комментариев нет:

Отправить комментарий