воскресенье, 10 ноября 2013 г.

Nukus futbolim…piyodasi yakuniga yetdi (FANTAZIYA)



   Ismim Olim. O’zim fermerman. Uzoq yillar davomida tinimsiz mashqlar qilib, sportda turli natijalarga erishgan yigit-u qizlarga besh ketaman-da. Qanday qilib jismoniy yuklamalarga chidarkin, ular? Tunov kuni uyimizdan uch chaqirimcha narida joylashgan fermer xo’jaligimizga piyoda borgandim. Arang yetib oldim o’ziyam. Sillam  qurib do’lananing soyasiga o’zimni tashladim. Ko’zim ilinib, naqd obedgacha dam olibman.  Odam xoriganda tushiga allambalolar kirarkan. Lekin rosa qiziq tush ko’ribmanda o’ziyam. Shuni sizga hikoya qilib bera qolay…

   Bahorning ikkinchi oyi tugab, uchinchisiga o’tgan kunlarda nukusda 1-futbolimpiyodasi bo’layotganmish. Unda dunyoning o’n mingga yaqin mamlakatidan ikki yuz nafar sportchi-e-e, nimalar deyapman, dunyoning ikki yuzga yaqin mamlakatidan o’n mingdan ortiq sportchi ishtirok etishibdi. Futbolimpiyodaning asosiy xususiyatlaridan biri shundaki, unda dunyoning eng mashhur, futbolga sal bo’lsada aloqasi bor sportchilari yoshlari va jinslaridan qat’iy nazar, ishtirok etaverishar ekan. Xalqaro futbolimpiyoda qo’mitasi vakillarining gaplariga qaraganda, bu musobaqa yaqin orada eng nufuzli turnirlardan biriga aylanarkan.
   Xullas, ana shu «tush-turnir» hisoboti bilan tanishtirib o’tay. Musoboqaning tantanali ochilish marosimi juda qiziqarli, bayramona ruhda o’tdi. Nukusdagi «Turon» stadioni braziliyaning «Marakana»sida qayd etilgan rekordni butunlay yangilab tashladi. Shu kuni stadionga 200 ming atrofida muxlis tashrif buyurdi. Bu rasmiy ma’lumot. Aslida stadionda bundan ancha ko’p muxlis to’plangandi, chipta sotuvchilar va nazoratchilarning tanish-bilish, oshna-og’aynilari kassaga bosh suqib o’tirisharmidi? Ulardan tashqari, ba’zi olg’irlar ham borki, nazoratchilarning qo’llariga chiptaning yarim narxini sekin qistirib, lippa kirib olaverishadi… yana chalg’idim, uzr. Musobaqa mash’alasi shundoqqina muborakda yoqilib, nukusga tuyalar karvonida olib kelindi.  Stadionga o’rnatilgan kottakon uchar tarelkani eslatib yuboradigan «gorelka»ni yoqish huquqi mashhur akrobatikachi Server Jeparov va undan ham mashhurroq baqaloq «gandbolchi» Diego Maradonalarga berilgandi. Ular o’z vazifalarini sharaf bilan bajarib, muxlislar olqishlariga sazovor bo’lishdi. Shundan so’ng futbolimpiyoda prezidenti Zepp Blatter musobaqani ochiq, deb e’lon qildi.
   Birinchi bo’lib musobaqalarga yengil atletikachilar kirishishdi. 100 metrga yugurish bahslarida angliyalik Teo  Uolkott jahon rekordchisi Useyn Boltni ortda qoldirib, marraga birinchi bo’lib yetib keldi. Bu masofada uchinchi sovrindor bo’lgan portugaliyalik Krishtianu Ronaldu 200 metrli distansiyada  barchadan alamini oldi. Uning ortidan tillarini osiltirib gollandiyalik Aren Robben va fransiyalik Frank Riberilar yetib kelishdi.
   Marafon baxslarida argentinalik Lionel Messidan boshqa biror sportchi marraga yetib kelolmadi. Oqibatda kumush va bronza medallarini tashkilotchilar esdalik uchun o’zlarida qoldirishdi.
   Kurash bahslarida barcha raqiblarini chalib yiqitgan italiyalik Gattuzo va ispaniyalik Puyollar finalda o’zaro ro’para kelishdi. Unda omad italiyalikka nasib qildi. Bronza medallariga esa serb Vidich va vatandoshimiz Xayrulla Karimovlar ega chiqishdi.
   Og’ir atletika bahslarida kurash unchalik qizimagan bo’lsada, baribir g’olib nomi aniqlandi. O’z vazni barobarida toshni boshi uzra baland ko’targan braziliyalik Ronaldoga teng keladigan “dushman” topilmadi. G’olib qancha vazn bilan g’alaba qozondi? Buni uning o’zidan so’ray qoling. Har holda, 150 kilodan kam bo’lmasa kerak.
   Boks bo’yicha o’tkazilgan turnirning eng ajoyib jangi yarim og’ir vaznda kuzatildi. Finalda fransiyalik Zidan va italiyalik Materatsilar uchrashishdi. Jangni jahonning eng no’noq hakamlaridan biri, o’zbekistonliklarga juda yaxshi tanish bo’lgan Yoshida boshqardi. Yoshidaning qat’iyatsizligi tufayli jang necha kun davom etishini aytish qiyin ediyu, ammo unga Zidan yordamga keldi. Uning taqir boshi bilan bergan zarbasidan so’ng Materatsi polga cho’zilib yotib oldi. Uning na uxlayotganini, na hushidan ketganini bilib bo’lmasdi. Nihoyat yaponiyalik hakam mashhurlikda o’zidan qolishmaydigan hamkasbi – Evrebening maslahati bilan Zidanga texnik mag’lubiyat yozib qo’ydi.
   Gandbol bo’yicha o’tkazilgan turnir finalida argentina va fransiya jamoalari o’zaro kuch sinashdilar. Ochig’ini aytsak, bu uchrashuvda argentinaliklar favorit hisoblanishardi. Chunki jamoa sardori Maradona qo’l bilan o’ynash usulini san’at darajasiga ko’tarishga erishgan, o’zining mahorati bilan necha-necha hakamlarni dog’da qoldirgandi. Ammo fransuzlar sardori Terri Anri ham mahorat bobida baqaloqdan qolishmasligini barchaga namoyish qildi. Uchrashuv yakunlanishiga sanoqli soniyalar qolganida, g’alaba baribir argentinaliklar tomoniga o’tib ketdi. Bir tomondan, tajriba ustun kelgan bo’lsa, ikkinchi tomondan, pakana Messi jasorat ko’rsatdi.
    Basketbol musobaqasining butun tafsilotini hikoya qilib, boshingizni og’ritmoqchi emasman. Bunga vaqt ham yo’q. Chunki tushlikka chiqishim kerak. Aks holda, ulfatlarimdan dakki eshitishim hech gap emas. Shuning uchun qisqa qilib finalda chexiya va argentina termalarining uchrashganlari va unda janubiy amerikaliklar g’olib chiqishganini aytishim mumkin. G’alabaga argentinalik «daroz» Xaver Saviola ulkan hissa qo’shdi. Uning tepadan ikki qo’llab savatga to’p tashlashiga Yan Koller ham to’sqinlik qilolmadi.
   Futbol musobaqasi finalida esa Shveytsariya va Ispaniya termalari o’zaro kuch sinashdilar. Roje Federer yetakchiligidagi chapdast yigitlar Rafael Nadal jamoasini ikki taym natijalariga ko’ra – 6:2 va 6:4 hisoblarida dog’da qoldirishdi.
   Ayollar futbolida ham qizg’in kurash kuzatildi. Unda bosh sovrin uchun AQSH va Rossiya termalari davogarlik qilishdi. Rossiyaliklar sardori Mariya Sharapova va vitse-sardor Anna Kurnikovalar har qancha noz qarashma qilib, hakamlarni chalg’itishga harakat qilmasin, opa-singil Uilyamslar qarshiligini yengolmadi. Natijada uchrashuvda 6:4 va 4:6 hisoblari qayd etildi. Penaltilar seriyasida Dinara Safina xatoga yo’l qo’yib, mag’lubiyat sababchisi bo’ldi.
   Akrobatika bahslarida maydon egalari vakili Server Jeparov O’zbekiston delegatsiyasu hisobiga ilk oltin medalni tuhfa qildi.
   Futbolimpiyoda bahslariga shaxmat ham kiritilgandi. Uning finalida gollandiyalik tajribaki shaxmatchi Guus Xiddink va angliyalik Aleks Fergyusonlar ro’para kelishdi. Klassik Shaxmatda Xiddink ustunlik qilgan bo’lsa, tezkor. Ya’ni vaqti cheklangan o’yinda Fergyuson g’olib chiqdi. Natijada hakamlar brigadasi g’oliblikni Yoaxim Lyo’vga tuhfa qilib yuborishdi.
   Eng qadimiy sport turlaridan biri bo’gan muxlislar bilan tortishuv bahsida italiyalik Balotelli, raqibga tupurish musobaqasida Rudi Fyo’ller g’olib chiqib, o’z nomlarin tarix sahialarida qoldirishdi.
   Shu tariqa Nukusda o’tkazilgan va tush orqali «efir»ga uzatilgan 1-futbolimpiyoda  o’yinlari nihoyasiga yetdi. Sog’ omon bo’ling.
                                                                    (may, 2010)

Yusupov Furqat
Manba: furqatyusupov.blogspot.com

Комментариев нет:

Отправить комментарий