Bilamizki, bizda jahon futbolchilari haqida
ma’lumotlar juda ko’p. O’zimizning futbolchilar haqida esa ko’pam ma’lumotlarga
ega emasmiz. Shu bois, o’zimizning futbolchilar haqida ham maqolalar
tayyorlashga harakat qildim. Ushbu maqolam 2011-yili «Interfutbol» gazetasida
e’lon qilingandi. Shunday bo’lsa ham, u haliyam o’z ahamiyatiga ega deb
hisoblab, blogimga joylashtirdim.
Hayotimizni musiqasiz tasavvur qilolmaymiz.
O’zimizcha qaysidir qo’shiqlarni xirgoyi qilamiz, qaysidir birini berilib
tinglaymiz. Xo’sh milliy chempionatimiz futbolchilariga qanday qo’shiqlar va
qaysi xonandalar yoqar ekan?
Futbolchilar tabiiyki, uzoq safarlarga ko’p
chiqishadi. Ana shu vaqtda yoki kechki payt biror-bir qo’shiq eshitib, dam
olishni xush ko’radiganlar oz emas sportchilar orasida ham. Osiyoning 4 karra
«Eng yaxshi hakami»ga aylangan Ravshan
Ermatov ko’proq ustoz san’atkorlarning qo’shiqlarini eshitib orom oladi.
Faxriddin Umarov, Ortiq Otajonov, Bobomurod Xamdamov kabi hofizlar ijrosidagi
klassik qo’shiqlarni Otabek Pirmatov,
«Andijon» klubi to’purari Lochin Soliev,
«So’g’diyona» bosh murabbiyi Davron
Fayzievlar ham sevib tinglashadi.
Kayfiyat yaxshi bo’lsa sho’x, biroz xiraroq
paytlarda sokin musiqa tinglashga o’rganganmiz. «Metallurg» himoyachisi Hikmat Hoshimov va mohir darvozabon Yuriy Soylar aynan kayfiyatga qarab
qo’shiq eshituvchilar toifasidan.
Yurtimizda rus estradasi vakillari
qo’shiqlarini sevib tinglaydiganlar kam emas. Dima Bilan, Maksim, Timati… Bular kimga yoqmaydi deysiz? Ushbu xonandalarning ajoyib taronalari
shaydolari safiga Dilyaver Vaniev, Shavkat Nasibullaev, Gabit Sapargaliev va Afzal Azizovlarni kiritsak bo’ladi.
Afzalga shuningdek, Yevropa pop musiqalari ham yoqadi. «Nasaf» klubi legioneri Artur Gevorkyan yo’lda mashinasida
ketayotganida ko’pincha zamonaviy pop musiqalarni tinglaydi. Shohrux,
Shahriyor, Timati kabilarning qo’shiqlariga «Nasaf»ning ya’na bir a’zosi Ilhom Yunusov ham befarq emas.
Ozarbayjonda darvozabonlarning jig’iga tegib
yurgan Bahodir Nasimov esa repni
unchalik yoqtirmaydi. U asosan sokin qo’shiqlarni ma’qul ko’radi. Masalan,
«Ummon»ning «Sokin tun» taronasi. O’zbek estradasi qo’shiqlari ham hech
birimizni befarq qoldirmasa kerak. Xohlagan mavzularda kuylaydigan Yulduzning
asl muxlislari sifatida «Nasaf» himoyachisi Botir Qoraev va «temiryo’lchi»lar himoyachisi Islom Inomovlar nomlarini zikr etob o’tishimiz mumkin. Islom shuningdek,
Shaxzodaning muxlisi.
«Yana
sog’indim, yana» - bu qo’shiqni eshitmagan hamyurtimiz topilmasa kerak. Ozodbek
Nazarbekovning ushbu taronasi «Nasaf» hujumchisi Kenja To’raevga ham yoqib qolgan. Umuman olganda, u Ozodbekning har
yilgi konsertlariga muntazam tushadi.
Odil Ahmedov reklama uchun suratga tushish
va teatrlarga borishdan tashqari, musiqa eshitishga ham vaqt topadi. «Anji»
yarim himoyachisi milliy musiqalar shaydosi. Suhrob Ne’matov xorijlik Shakira, Britni Spirs kabi Estrada
yulduzlarining qo’shiqlarini muntazam eshitib turadi.
Endi yurtimizda faoliyat ko’rsatgan xorijlik
futbolchilar haqida ham to’xtalib o’tsak. «Olmaliq»ning eks futbolchisi Yuriy Xrienko pop musiqalarni eshitsa,
«Lokomotiv» safida ajoyib o’yinlari bilan esda qolgan Aleksandr Filimonov hamyurti Vladimir Kuzmin ijro etgan rok
musiqalarni sevib tinglaydi.
37 yoshida O’zbekiston chempioni va
to’purari degan sharafga erishgan braziliyalik futbol dahosi, «Oltin to’p»
sohibi Rivaldo esa ibodatxonaga xos
musiqalarni tinglab, charchoq yozadi.
Bu maqola balki kimgadir erish tuyular, yana
kimgadir umuman yoqmas. Men shunchaki gazetalarda berilgan intervyular asosida
yiqqan ma’lumotlarimdan foydalanib, futbolchilarimizning qanday qo’shiqlar
eshitishlarini yozdim xolos.
Yusupov
Furqat
Manba:
furqatyusupov.blogspot.com
Комментариев нет:
Отправить комментарий