воскресенье, 20 октября 2013 г.

BOSHQA AMPLUADA...


   Iker Kasilyasni – darvozabon, Roberto karlosni – himoyachi, Xavini – yarim himoyachi, Ronaldoni – hujumchi siaftida barchamiz bilamiz. Ularni boshqa ampluada tasavvur qilishimiz ham mushkul. Ammo shunday futbolchilar ham borki, ular o’zlarini mashhur qilgan ampluada to’p surishdan oldin, boshqa ampluada ham o’ynashgan. Mazkur maqolamiz aynan mana shunday futbolchilar uchun ataladai.

   Dunyoning eng kuchli darvozabonlaridan biri hisoblanadigan Italiya terma jamoasi va “Yuventus” klubi kiperi Janluidji Buffonning ilk jamoasi Karraning "Pertikata" havaskorlar klubi hisoblanadi. U aynan mana shu jamoada hujumchi sifatida to'p surgan. 12 yoshida "Bonaskola", 13 yoshida esa "Parma" safida o'ynay boshladi. Aynan "Parma"da Buffon klubning ikki golkiperi ham jarohat olgach, darvozani qo'riqlaydigan bo'ldi. Janluidji taqdirining bunday o’zgarib ketganidan aslo xafa bo’lmasa kerak. Aynan darvozabon sifatida u butun dunyoga tanildi.  Milanning “Inter” klubida to’p surgan va xozirda “KPR” darvozasini qo’riqlayotgan darvozabon Julio Sezar ham avvaliga o'zini klassik hujumchi sifatida sinab ko'rgan - u gol urishni yoqtirar va bu ishni muvaffaqiyatli bajarardi. Ammo u o'ynaydigan bolalar jamoasida darvozabon muammosi mavjud edi va murabbiylar bu o'ringa aynan Julioni sinab ko'rishga qaror qilishdi - uning epchilligi, bo'y-pasti ham darvozabon uchun mos kelardi. Bolakay avvaliga murabbiylarning bu qarorlaridan xafa edi, ammo vaqt o'tishi bilan darvozada o'zini "suvdagi baliqdek" his qila boshladi.
   O’z ampluasini o’zgartirgan mshhur himoyachilar ham bor. Qizig’i Buffon ham, Sezar ham futbolga hujumchi sifatida kirib kelishgan. Angliya terma jamoasining sobiq sardori va “Chelsi” klubi himoyachisi Jon Terri ham faoliyatini hujumchi sifatida boshlagan. Jon  avvaliga hujum chizig'ida yugurib yuradi. Albatta, shunchaki emas - ko'p gol uradi, ayniqsa, boshi bilan. Axir Xudo Jonni bo'ydan qismagandi-da. Ehtimol, Jon bugunda "Chelsi" hujum chizig'idagi yetakchilardan biri bo'lardi, agarda taqdir o'z so'zini aytmaganda. Ma'lumki, bolalar jamolarida yosh futbolchilar ma'lum bir chiziqda o'ynash bilan cheklanmaydi. Xullas, jamoadagi himoyachilardan biri safdan chiqqach, murabbiylar bo'sh joyda aynan Jonni o'ynatib ko'rishadi. Terri xohlamaygina yangi joyga o'tadi va shunday o'ynab ketadiki, murabbiyi unga nisbatan o'zgarmas hukm chiqaradi: "Sening o'rning himoyada". Jonda bunga rozi bo'lishdan o'zga chorasi yo'q edi. ispaniya terma jamoasi va “Barselona” klubi himoyachisi, mashhur honanda Shakiraning “yigiti” Xerard Pike 6-7 yoshida "Barselona"da klub tomidanuyushtirilgan bolalar musobaqasida qatnashadi, U paytlarda hujum chizig'ida to'p surardi. Bitta o'yinda Xerard "dubl"ga erishdi va jamoasi 3:1 hisobida g'alab qozondi. Keyinchalik uni himoya markaziga ko'chirishdi. Pikening termadagi va klubdagi ampluadoshi Karles Puyol ham futbolga himoyachi sifatida kirib kelmagan. U bolaligida turli nuqtalarda o'ynagan, uni xatto darvozada ham sinab ko'rishgan. Shu tufayli ham hujumchilarning turli uslublaridan to'la xabardor. “Zidan kushandasi”ga aylangan mashhur italiyalik himoyachi Marko Materatsi 14 yoshigacha yarim himoyada o'ynagan. Keyin o'zini himoyachi sifatida sinab ko'rgan va bundan hech qachon afsuslanmagan bo’lsa kerak.
   Qiziqarli fakt futbol qiroli darvozalarga mingdan ortiq gol urgan PELE – futbolga kirib kelgan vaqtlarida darvozabon bo’lgan. “Chelsi”ning sobiq, “Galatasaroy”ning yangi futbolchisi Dide Drogba faoliyatining dastlabki yillarida himoyachi ampluasida harakat qilgan. Ammo bu o'rinda o'zini noqulay sezgach, amakisi Mishel Goba unga ampluasini o'zgartirishini maslahat bergan. "Buyuk futbolchi bo'lishni xohlasang raqib darvozasi oldida harakat qilgin", - degandi Goba jiyaniga. Dide amakisining maslahatiga quloq tutib bekor qilmaganiga xursand bo’lsa arziydi.
   “Yuventus”ning yana bir afsonalaridan biri hisoblanadigan Alessandro Del Pero ning onasi uni darvazabon bo'lishini istagan, chunki bu pozitsiyada uni jarohat olish ehtimoli kam edi , lekin uning akasi - Stefano onasining fikriga qo'shilmay : "Axir uni hujumda qanday zo'rligini ko'rmayapsizmi?"- degan. Shundan so'ng Alessandro pozitsiyasini o'zgartirgan va bu o'zini oqlagan qaror bo'lib chiqdi. “Chelsi”da “ikkinchi Shevchenko” laqabini olgan Fernando Torres bolaligida darvozabon bo’lishni xohlardi. Lekin uning akasi qarshilik qildi: “Bu yerda darvozabon menman. Sen darvozaga zarba ber!”. Ammo unga quloq solmay darvozada o’ynashni davom ettirdi. Biroq bu faoliyati uzoqqa cho’zilmadi. Bir kuni ko’chadan burni pachoq va tishi singan holda qaytdi. Chunki, asfalt ustida to’p surgandi. Fernando darvozasini goldan saqlab qolish uchun sakrab, shunday jarohat olgandi. Torresning akasi bor gapni onasiga aytib beradi va shundan keyin darvozabon qo’lqoplarini kiyishini taqiqlab qo’yishadi. 2 metr bo’yga ega bo’lgan mashhur chexiyalik forvard Yan Koller futbolni darvozani qo’riqlash bilan boshlagan, toki kimdir unga o’zini hujumda sinab ko’rishni tavsiya qilmagunicha.
   “Uchmas golland” laqabi bilan mashhur bo’lgan Dennis Bergkamp faoliyatini hujumda emas, orqa chiziqda boshlaganlardan biri. Qanchalik g'alati eshitilmasin, lekin gollandiyalik murabbiylar Dennisdagi hujumchilik sifatlarini tezda payqay bilishmadi. Uni uzoq vaqt davomida himoya chizig'ida sinab ko'rishdi. Uning o'sha davrdagi murabbiylaridan biri hatto Dennisdan juda yaxshi himoyachi chiqadi, deya fikr bildirgan. Tirishqoq va o'jar Dennis esa uning maydondagi joyi hujumda ekanligini isbotlashga tinimsiz ravishda urinaverdi. “MenAyaksfutbol maktabiga kelib qo'shilganimda hech qanday ortiqcha narsaga vaqtim qolmadi. Shanba kuni o'yin o'tkazadigan bo'lsak, juma kuni tunda o'yinga tayyorlanishim kerak bo'lardi. Men chekmasdim, ichmasdim. Uy vazifalarimni shanbadan yakshanbaga o'tar kechasi bajarardim. Shunki hafta davomida ikkita yoki 3ta o'yin o'tkazardik”, deydi Dennis. Uning mehnatsevarligi samarasini  keyinroq barcha ko'rdi, guvohi bo'ldi. U dunyoning eng yaxshi hujumchilaridan biriga aylandi. 56 yoshli de GrootAyaksning o'sib kelayotgan avlodiga 25 yil davomida murabbiylik qildi. Uning ko'zlari, intuitsiyasi oltinga teng hisoblanardi. Ammo hatto u ham Dennis bobida adashgan. “Dennisdan ajoyib himoyachi chiqqan bo'lardi. Kichik yoshdagi guruhlarda u har doim himoyada o'ynardi va to'pni olib qo'yishga juda usta edi. Lekin u tinimsiz o'zining hujumchi ekanligini ta'kidlayverardi. Ohir-oqibat u bizga buni isbotladi ham. U qaysi jamoada o'ynasa ham tinimsiz ravishda gol urardi. Axir faqat shu yo'l bilangina futbolchilar o'zlarini ko'rsata olishadi. Balki mana shuning uchun ham Yohan Kroyff uni 16 yoshidayoqAyaksga qabul qilgandir”, deydi Groot.
   Aziz futbol ixlosmandlari mashhur futbolchilar faoliyatlarini qaysi nuqtada boshlaganlari haqida ozgina bo’lsa ham ma’lumot bera olgan bo’lsak bundan xursandmiz. Salomat bo’ling.

Yusupov Furqat.
furqat_1112@mail.ru 






Комментариев нет:

Отправить комментарий