пятница, 3 января 2014 г.

2013-YIL SARHISOBI

   2013-yil ham tarix zarvaraqlaridan joy olib ulgurdi. Ortda qolgan yil mobaynida nimalar qildim? Bu savolni o’zimga berar ekanman, o’tgan yilim behuda ketmabdi degan hayolga bordim. Xullas o’zimning  yil sarhisobimni keltirib o’tmoqchiman.

SEMINAR-TRENINGLAR
   2013-yilda bir qator seminar-treninglarda ishtirok etishga muyassar bo’ldim. Keling, yaxshisi hammasini bir boshidan boshlayqolay.

YOSH JURNALISTLAR KLUBI 1-MAVSUM
   23-yanvarda «Yosh jurnalistlar klubi»ga asos solgan edik. Yanvar-may oralig’ida klubimiz bilan jami 13 ta seminar-trening o’tkazishga muvaffaq bo’ldik. Avvalo, men ushbu treninglarda o’zimni oratorlik qobiliyatimni rivojlantirishga muvaffaq bo’ldim. Shuningdek o’z ustimda ishlab, tajriba ham orttirdim.

TUMANLARDA
   Aprel oyida biz «Kelajak ovozi» aktsiyasi doirasida tumanlarga chiqdik. Men Respublikamizdagi 6 ta tumanda jurnalistika bo’yicha seminar-trening o’tkazdim. 16-aprelda Kegeyli turmish xizmat ko’rsatish Kasb Hunar Kollejida, 17-aprelda Chimboydagi №3 sonli Akademik Litseyda, 19-aprelda Qanliko’l Pedagogika Kollejida, 20-aprelda Qo’ng’irot Tibbiyot Kollejida, 22-aprelda Amudaryo Akademik Litseyida, 23-aprelda Ellikqal’a Pedagogika Kollejida umumiy hisobda 108 nafar jurnalist bo’lishga qiziqadigan yoshlarga terninglar o’tkazdim. Har bir tumandagi seminarlar menda olam-olam taasurotlar qoldirdi. Qanliko’l, Kegeyli va Qo’ng’irot tumanlarida «Yosh jurnalistlar klubi»ni ochish haqida taklifimiz qabul qilindi va endi mazkur tumanlarda ham jurnalistlar klubi faoliyat yurita boshladi


 
«KELAJAK OVOZI» YOZGI O’QUV OROMGOHI
   1-14 iyul oralig’ida Qashqadaryo viloyati, Shahrisabz tumani «Lochin» oromgohida tashkil qilingan «Kelajak ovozi» yozgi o’quv-oromgohida ishtirok etdim. Men bu yerda TV jurnalistika yo’nalishida bo’ldim. Garchi televideniya sohasiga qiziqsam ham, o’zimni hech qachon telejurnalist sifatida sinab ko’rmagan edim. Mana shu oromgohda esa menga ana shunday baxt nasib etdi. Kamera oldida ko’pincha o’zimni yo’qotib qo’yardim, Baxtiyor To’raxonov, Baxtiyor Safarov va Zamira Ortiqovalarning seminar-treninglarida esa men ko’p narsani o’rgandim va kamera oldida o’zimni erkin his qila boshladim. Garchi birinchi ishlagan lavhalarim omadsiz chiqqan bo’lsa ham, bu yerda olgan bilimlarim menga kelajakda as qotishiga ishonchim komil.

«BIZ SOG’LOM TURMUSH TARZI UCHUN»
   26-29 iyul sanalarida UNFPA tashkiloti va «Kelajak ovozi» YoTM hamkorligida tashkil etilgan «Biz sog’lom turmush tarzi uchun» seminar-treninggida ishtirok etdim. Seminar mobaynida men OIV, OITS va jinsiy yo’llar bilan yuquvchi kasalliklar haqida o’rgandim, turli videoroliklar oraqali esa mazkur kasalliklar haqida yanada keng tasavvurga ega bo’ldim.

«YOSH JURNALISTLAR KLUBI» YOZGI O’QUV-SEMINARI
   TV jurnalistika bo’yicha olgan bilimlarimni klub a’zolari bilan baham ko’rish maqsadida «Y.J.K»ning yozgi seminar-treninggini tashkil qildik. Trening mobaynida biz «stend up», «vox-pop», «live», «intershum», «sinopsis», reportaj tayyorlash usullari haqida keng ma’lumotlar berib o’tdik.

MEDIA OROMGOH
   20-27 avgust oralig’ida Toshkent viloyatining Bo’stonliq tumanida tashkil etilgan Media oromgohda ishtirok etdim. Bu yerda o’tkazgan 1 hafta hayotimning eng esda qolarli voqealariga boy bo’ldi desam aslo mubolag’a bo’lmaydi. Men Bosma so’z jurnalistika yo’nalishi guruhida bo’lgan bo’lsam ham, Internet jurnalistikasi guruhining seminarlarida ham ishtirok etdim va bu narsa menga bloggerlik faoliyatimning boshlanishiga turtki bo’ldi. O’zbek bloggerlari ichida yetakchilik qilayotgan Xushnud Xudoyberdiyev blog haqida tushuntirib o’tdi. Shu o’rinda ushbu insonga cheksiz minnatdorchilik bildirib o’taman. Oromgohda shuningdek bir qator taniqli jurnalistlar bilan uchrashuvlar ham o’tkazildi. Jumladan Xurshid Do’stmuhammad bilan o’tkazilgan davra suhbati menda katta taasurotlar qoldirdi. 26-avgust kuni esa nihoyat men orziqib kutgan uchrashuv bo’lib o’tdi. Sport sharxlovchilari Mirzahakim To’xtamirzaev, Davron Fayziev, Norbek Niyozov, «Interfutbol» gazetasi muhbiri Kamoliddin Alimov, «Paxtakor» klubi matbuot kotibi Behzod Nazarovlar bilan bo’lib o’tgan uchrashuv juda ham qiziqarli bo’lib o’tdi. Sevimli jurnalistlarim bilan bo’lgan suhbatlar esa juda maroqli bo’lgandi. Darvoqe bloggerlar bilan tashkillashtirilgan ochiq suhbat ham ajyib tarzda o’tdi. Eng muhimi men juda katta bilimlar oldim va ozgina bo’lsa ham tajriba to’pladim.

«YOSH JURNALISTLAR KLUBI» 2-MAVSUMI
   Klubimiz faoliyatini yangi o’quv yilida yana davom ettirdik. Endi safimiz ham bir qancha ko’paya boshladi.

«BIZNES-TRENERLAR» SEMINARI
   19-20 dekabr kunlari «Kamolot» YIH QR Kengashi qoshidagi «Yosh tadbirkor» maslahat kengashi tomonidan «Biznes trenerlar»ni tayyorlash seminar-treninggi tashkillashtirildi. Men ilk bora biznes treningda ishtirok etdim va ushbu soha bo’yicha ham ozroq bo’lsada ma’lumotlarga ega bo’ldim. Trening yakunida esa bitta hulosaga keldim. O’zimni biznesda ham sinab ko’rmoqchiman!

«YOSH JURNALISTLAR KLUBI» QISHKI O’QUV-SEMINARI
   23-24 dekabr sanalarida klubimizning qishki o’quv seminarlarini tashkil qildik. 2 kun mobaynida biz tele, internet va bosma so’z jurnalistikasi bo’yicha klub a’zolariga bilgan va o’rgangan narsalarimizni o’rgatdik. Xudo xohlasa yangi 2014-yilda ham klub o’z faoliyatini davom ettiradi.

XULOSA
   Xullas yil mobaynida o’zim qatnashgan va o’tkazgan seminar-treninglar men uchun faqat va faqat foyda bo’ldi desam, mubolag’asiz bo’ladi. Har bir seminarda men nimanidir bo’lsa ham o’rgandim. Statsitikaga murojaat qiladigan bo’lsam yil bo’yi o’zim 4 ta seminar-treningda qatnashdim (14, 7, 4, va 2 kunlik). 2 marotaba (3 va 2 kunlik) seminar o’tkazdim. «Yosh jurnalistlar Klibi»ning 14 ta seminarida trenerlik qildim. Tumanlarda esa 6 ta trening o’tkazdim. Umumiy qilib aytadigan bo’lsam 4 ta seminarda  jami 27 kun ishtirokchi sifatida qatnashdim, 22 ta seminarda esa 25 kun trenerlik qilishga muvaffaq bo’ldim. Yilning 265 kunining 52 kunida TRENINGLARDA ishtirok etdim.

IJODIY FAOLIYATGA NAZAR.
GAZETALARDA
   Yil davomida «Interfutbol», «Erudit-sport» va «Qaraqalpaq Universiteti» gazetalarida jami 27 ta maqolam chop etildi. Ular orasida Universitetimiz gazetasida chop etilgan «Universitette temeki shegiwge bolama?» (Universitetda sigaret chekishga bo’ladimi?) nomli maqolam alohida e’tirof etildi. Shundan so’ng Universitet hududida talabalar va domlalarning tamaki chekishlari bartaraf etildi. Umumiy hisobda 8 ta tanqidiy maqolam ham omma yuzini ko’rdi.

INTERNET SAYTLARIDA
   Interfutbol.uz, uff.uz, stadion.uz, chempionat.uz, arena.uz, intersport.uz, darakchi.uz kabi 24 ta saytda 75 ta men mualliflik qilgan maqolalar joriy qilindi. Uff.uz saytida «Football Times» blogini yurita boshladim. Ushbu blogda yil mobaynida 16 ta maqolam e’lon qilindi. Furqatyusupov.blogspot.com da esa 45 ma maqola kiritdim. Umumiy hisobda yil mobaynida internet saytlarida 136 ta maqolalarim chiqdi.

ILMIY MAQOLA
   To’g’risini aytadigan bo’lsam ilmiy maqola yozishni yoqtirmayman. Lekin o’qishda keyingi muvaffaqiyatlar uchun ilmiy maqola yozishim SHART edi. Shunday ham bo’ldi. Yil davomida 3 ta ilmiy maqolam dunyo yuzini ko’rgan bo’lsa, ularning biri Sankt Peterburgda chiqqan ilmiy to’plamda joriy qilindi.

BLOG STATISTIKASI
   Blogimni 23-avgust sanasida ochgan edim. O’shandan buyon 2013-yilning qolgan 4 oyi mobaynida 45 ta blogpost yozdim. Oylarga taqsimlaydigan bo’lsam noyabrda eng ko’p – 19 ta maqola kiritgan bo’lsam, sentabrda biroz dangasalik qildim atigi – 1 ta. 4 oy mobaynida blogimga tashrif buyuruvchilar soni 3504 tani tashkil qildi. Bu albatta kichkina son. Lekin men uchun boshlanishiga chakki emas. Eng ko’p o’quvchilar yurtimiz vakillari bo’lishdi – 1392 marta. AQSH – 966, Rossiya – 196 kuchli uchlikni tashkil qilishdi. Shuningdek dastlabki o’nlikka Germaniya, Ukraina, Armaniston, Moldova, janubiy Koreya, Qozog’iston va Moldova mamlakatlari o’quvchilari kirishdi. Eng ko’p o’qilgan maqola esa «To’ylar muborak» bo’ldi. Krishtianu Ronalduning hayoliy to’yi ko’pchilikda qiziqish uyg’ota olgan ko’rinadi. Shuningdek blogimda chiqqan maqolalar 19 saytda 78 marotaba e'lon qilindi.  Xullas bu blogimning qisqacha statistikasi edi.

TADBIRLAR
   4-aprelda «Biz bir jamoa, biz bir oila» aktsiyasida ishtirok etdim. Aktsiya doirasida «Yosh telejurnalistlar kastingi»da qatnashib, undan o’tishga muvaffaq bo’ldim. Futbol-shouda garchi maydonga tushib to’p tepmagan bo’lsam, san’atkorlar bilan mashqa jarayonlarida birga to’p surdim. 7-avgustda Xayriya oshida qatnashishga muvaffaq bo’ldim. Shuningdek yil mobaynida «Kelajak ovozi» va «Kamalak» tanlovlarida tashkilotchilik qobilayitimni namoyon qilishga erishdim.
TANLOVLAR
   2012-yili «Kelajak ovozi» tanlovida g’oliblikni qo’lga kiritgan bo’lsam, 2013-yili tanlovlarda zafar quchmadim. Lekin shunday bo’lsa ham «Oltin qalam», «Yilning eng faol jurnalisti», «Yilning eng faol yosh jurnalisti» tanlovlarida qatnashdim. Bu men uchun tajriba maktabi vazifasini o’tab berdi. Yangi 2014-yilda ushbu tanlovlarning kamida bittasida g’olib bo’lish uchun albatta harakat qilaman. Niyatlarim ro’yobga chiqishini esa yaratgandan so’rab qolaman. «»

O’QISHDA
   2013-yil o’qishda omadli ham bo’ldi, shu bilan birga omadsiz ham. Qishki sessiyani «5» ga yopdim. Hammasi ko’ngiladgidek edi. Biroq yozgi sessiyada hammasi tamomila aks ko’rinish ola boshladi. Ayrim sabablarga ko’ra, (sababini yozishni istamadim) bitta fandan menga «3» qo’yishdi. Alam qiladigan tarafi shunda ediki, sirtqi fanlardan hammasi besh bo’ldiyu, ichki fandan menga uch qo’yishdi. Navoiy stepindiyasiga urinib ko’rmoqchi edim. Biroq endi bu hom hayolligicha qolib ketadigan bo’ldi. Hechqisi yo’q, bir qadam orqaga bo’lsa, endi ikki qadam oldinga yuramiz.

SHAXSIY HAYOTDA
   Shaxsiya hayotimda u qadar katta o’zgarishlar yuz bermadi. Huddi oldingi yilgidek o’tgan yilni ham bo’ydoq sifatida o’tkazdim. Har holda bu an’anani bu yili ham buzish niyatim yo’q.

YUTUQLAR
   Yil davomida 6 ta «Sertifikat», 2 ta «Faxriy yorli»,  1 ta «Diplom»ni qo’lga kiritishga muvaffaq bo’ldim. 2014-yili bu natijamni yanada yaxshilayman degan umiddaman.  

UMUMIY XULOSA
   Xullas, yakuniga yetgan 2013-yil men uchun omadli bo’ldi deb ayta olaman. Yangi 2014-yildan esa umidlarim katta. Oldimga qo’ygan reja va maqsadlarimni amalga oshirish uchun albatta harakat qilaman.

Yusupov Furqat
Manba: furqatyusupov.blogspot.com

2 комментария: